Shandun provinsiyasida Samarqand viloyatining "Savdo va xizmat ko‘rsatish aloqa vakolatxonasi” tashkil etiladi

Viloyatimiz tadbirkorlaridan iborat delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasining Jinan shahrida amaliy tashrif bilan bo‘lib turibdi.

Viloyat hokimining o‘rinbosari Oybek Hamroyev boshchiligidagi delegatsiya a’zolari dastlab Shandun provinsiyasi Tashqi ishlar konselyariyasi hamda Yengil sanoat jamoaviy korxonalar uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ko‘rgazma bilan tanishdi.
Ko‘rgazmada yengil sanoat mahsulotlari, qishloq xo‘jalik hamda yo‘l qurilish texnikalari va zamonaviy IT texnologiyalari namoyish etildi.

Ko‘rgazma davomida mazkur mahsulotlarni Samarqandda ishlab chiqarish yuzasidan takliflar bildirildi hamda mavjud resurslar va ishlab chiqarish imkoniyatlari keng muhokama qilindi.
Shundan keyin “Shandun kichik va o‘rta korxonalari va Samarqand viloyati tadbirkorlari forumi” bo‘lib o‘tdi.

Hududlar o‘rtasida biznes sohasida hamkorlikni mustahkamlash, yangi investitsiyalarni jalb qilish va savdo aloqalarini kengaytirish maqsadida tashkil etilgan forumda har ikkala tomon hukumat vakillari, tadbirkorlar, mutaxassislar tomonidan biznes muhit, investitsiya imkoniyatlari, texnologiyalar va sanoat tarmoqlari haqida taqdimot va ma’ruzalar qilindi.

Shuningdek, forum doirasida Samarqand viloyati investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi hamda Shandun yengil sanoat jamoaviy korxonalar uyushmasi o‘rtasida “Samarqand viloyatining Shandun provinsiyasidagi Savdo va xizmat ko‘rsatish aloqa vakolatxonasi” tashkil etish yuzasidan kelishuv imzolandi.
Forum yakunida ikki tomonlama manfaatli kelishuvlar va yangi loyihalarni birgalikda amalga oshirish maqsadida B2B uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.