Sharmandali yozuvlar tushirilgan suratlarni tarqatmaslik uchun 400 AQSh dollar talab qilgan shaxs ushlandi

Samarqand shahrida yashovchi M.M. (1990 y.t.) ichki ishlarga murojaat qilgan. Aytilishicha, uning turli sharmandali yozuvlar bilan aks etgan fotosuratlari "Odnoklassniki" ijtimoiy tarmog‘ida "Zamira" degan nom bilan ochilgan profilda joylashtirilgan. U profil foydalanuvchisi bilan ijtimoiy tarmoq orqali bog‘lanib, fotosuratlarni o‘chirib tashlashni so‘ragan, profil egasi esa buning evaziga 400 AQSh dollari berishni talab qilgan.

Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida tovlamachilik qilib, pullarni o‘zlashtirmoqchi bo‘lgan shaxs Samarqand shahrida yashovchi Z.Z. ekanligi aniqlangan. U pullarni olayotgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlanib, tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Hozirda Z.Z.ga nisbatan O‘zR. JKning 165-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.