Jomboyda 18 yoshli qizning surat va videolarini tarqatib yuborgan erkak ushlandi

Jomboy tumanida yashovchi 18 yoshli M.O. (qiz) o‘zining uyatli foto hamda video tasvirlari noma’lum shaxs tomonidan Telegram’da tarqatib yuborganligini aytib, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga ariza bilan murojaat qilgan.

Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, ushbu jinoyatni shu tumanda yashovchi 17 yoshli E.M. sodir etganligi aniqlandi.

Unga ko‘ra, E.M. Telegram’da Z.N.ning profilidan u joylashtirgan fotosuratlarini yuklab olib, ularga maxsus dasturlardan foydalanib ishlov berib, tarqatib yuborganligi ma’lum bo‘ldi.

Mazkur holat yuzasidan E.M.ga nisbatan JKning 141/3-moddasi 2-qismi "v" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qonunga muvofiq, E.M. tomonidan sodir etilgan jinoiy harakatlar uchun uch yuz oltmish soatdan to‘rt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.