“Odnoklassniki” ijtimoiy tarmog‘idagi tovlamachi ushlandi

Samarqand shahrida yashovchi 36 yoshli Z.N. ariza bilan murojaat qilib, “Odnoklassniki” ijtimoiy tarmog‘ida joylashtirgan fotosuratlarini noma’lum shaxs yuklab olib, uyatli rasmlari borligini aytib pul talab qilayotganligini ma’lum qilgan.

Olib borilgan tezkor-surishtiruv ishlari natijasida pullarni o‘zlashtirgan shaxs, muqaddam sudlangan, Samarqand shahrida yashovchi, 35 yoshli T.U. ekanligi aniqlangan. 

T.U. “Odnoklassniki” ijtimoiy tarmog‘ida Z.N. joylashtirgan fotosuratlarini yuklab olgan va maxsus dasturlarda ishlov berib, ushbu uyatli fotosuratlarni ijtimoiy tarmoqlarga tarqatib yubormaslik evaziga 6.500 dollar, 1 dona "Apple iPhone 13 Pro" va 1 dona erkaklar tilla zanjiri talab qilgan.

Holat yuzasidan, T.U.ga nisbatan Jinoyat Kodeksining  168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qonunga muvofiq, T.U. tomonidan sodir etilgan jinoiy harakatlar  uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.