Samarqandda sportchilar taksi haydovchilaridan “dolya” undirib kelgani aniqlandi
Samarqand shahrida yashovchi bir guruh sportchilar “Samarqand-Navoiy” yo‘nalishidagi avtoshohbekatni zo‘ravonlik va o‘zboshimchalik bilan noqonuniy ravishda egallab olib, haydovchilardan ushbu yo‘nalishga kirish uchun 500 AQSh dollari, kunlik qatnovchi haydovchilardan esa 50 ming so‘mdan pullarni tovlamachilik yo‘li bilan olib kelishgan.
Bu faoliyatga barham berish maqsadida IIV Jinoyatchilikka qarshi kurashish bosh boshqarmasi, davlat xavfsizlik xizmati, prokuratura hamda viloyat IIB Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi. Tadbir davomida bu faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan 7 nafar shaxs qo‘lga olinib, ularning jinoiy faoliyatiga chek qo‘yildi.
Aniqlanishicha, Samarqand shahar “Gala Osiyo” mahallasida yashovchi 1985 yilda tug‘ilgan Sh.D. ushbu jinoiy guruxga yetakchilik qilgan.
Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Sh.D. va boshqa shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.