Sharof Boshbekov 70 yoshda
Bugun O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, yozuvchi, ssenariynavist, aktyor Sharof Boshbekov tug‘ilgan kun. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va “Ijod” jamoat fondi jamoasi ustozni ushbu quvonchli sana, ulug‘ yoshga to‘lgani munosabati bilan tabriklaydi.
Sharof Boshbekov 1951 yilning 4 yanvarida Samarqand viloyati Bulung‘ur tumani, G‘ubor qishlog‘ida tug‘ilgan. 1974 yili Ostrovskiy nomli Toshkent teatr va rassomchilik (hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti)ni tamomlab, Muqimiy nomidagi musiqali teatrda aktyor bo‘lib ishlay boshladi (1971–1975, 1980–1983). Avvaliga ommaviy saxnalarda chiqib, keyinchalik kichik-kichik rollar ijro etgan. Xususan, u Chingiz Aytmatovning “Momo yer” spektaklida Suvonqul, Jumaniyoz Jabborovning “O‘jarlar” komediyasida Quvondiq, Garsia Lorkaning “Qonli to‘y” dramasida kuyov, “Mavlono, Muqimiy” spektaklida Muqimiyning raqibi Muhiy kabi obrazlar yaratdi.
U 1975–1980 yillar Olim Xo‘jayev nomidagi Sirdaryo viloyati teatrida ham aktyor bo‘lib ishlagan. 1976–1977 yillar harbiy xizmatni o‘tagan. 1984–1986 yillar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy xodim, 1986–1987 yillar “O‘zbekfilm” kinostudiyasida ssenariynavis, 1987–1988 yillar Hamza nomli akademik drama teatri (hozirgi O‘zbek milliy akademik drama teatri) qoshidagi dramaturgiya bo‘yicha ijodiy ustaxona mudiri vazifalarida faoliyat yuritdi. 1988 yildan hozirgi vaqtga qadar erkin ijodkor.
XX asrning 70-yillarida yozuvchilik faoliyatini boshlagan Sharof Boshbekov avval “Taqdir eshigi” nomli ikki kishigina qatnashadigan komediya yozadi. So‘ng “Tikansiz tipratikanlar” nomli pesasi dunyoga keldi. Keyin “Tushov uzgan tulporlar” dramasi yozildi. Bu drama “Yilning eng yaxshi nasriy asari” degan mukofotga loyiq topilgan. Hajviy hikoyalari “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining “Yilning eng yaxshi hajviy asari” mukofotiga munosib topildi. “Mushtum” jurnalida e’lon qilingan “Buyuk maqtanchoqlik”, “Buyuk qo‘rqoqlik”, “Buyuk baxtiyorlik” nomli publitsistik chiqishlariga jurnalning “Yilning eng yaxshi publitsistik asari” mukofoti berildi.
Sharof Boshbekovning 10 ga yaqin pesa va 10 dan ortiq kinossenariysi e’lon qilingan. “Temir xotin” nomli pesasi avval Respublika miqyosida o‘tkazilgan teatr festivalida bosh sovrin – “Gran-pri”ni qo‘lga kiritdi. So‘ngra Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida o‘tkazilgan teatr festivalining mutlaq g‘olibi deb topildi.
Sharof Boshbekov 1996 yili “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni, 2001 yili “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati.