Shaxsiy ibrat – tarbiyaning asosi

Aslida bu gapim yangilik emas. Negaki, ajdodlarimizdan qolgan deyarli barcha kitoblarda, asarlarda tarbiya haqida ko‘p yozilgan. Xulosa ham aniq – ota-ona va kattalarning ibrati yoshlar tarbiyasida birlamchi mezon.

Murakkabligi shundaki, o‘qish jarayonida, aniqrog‘i, o‘rta maktabda ta’lim-tarbiya uyg‘un holda olib boriladi. Va asosiy urg‘u ko‘pincha ta’limga, bolaning fanlarning o‘zlashtirishiga beriladi. Biroq ta’lim jarayoni muvaffaqiyati ham o‘qituvchining xislatiga hamda o‘quvchi­ning odobiga kelib taqaladi. Shu sababli bu jarayonni takomillashtirish maqsadida maktablarda amaliyotchi-psixolog shtatlari joriy etilgan.

Tajribamdan sezyapmanki, bu sohadagi harakatlar maktablar uchun juda zarur edi va yaxshi samara beryapti ham. Biz, o‘qituv­chilar darsga ruhiy kayfiyatni to‘g‘rilash, yaxshilash maqsadida nafaqat o‘g‘il-qizlar, balki muallimlar o‘rtasida ham suhbatlar o‘tkazamiz, juda ko‘p nozik holatlar yuzasidan yagona fikrga kelamiz.

Sarlavhada aytganimdek, shaxsiy ibrat tarbiyada muhim ahamiyatga ega. Misol uchun, bolaga uning noo‘rin harakatini aytishdan oldin shu holatda qanday yo‘l tutish kerakligini aytib o‘tamiz. To‘g‘ri yo‘l tutganda yoki xato ish qilganda kelib chiqadigan oqibatlar haqida gapiramiz. Ana undan keyin bolaning fikrini ham eshitamiz. Zero, bu usul bolada ham muomala madaniyatini shakllantiradi.

Maktab hovlisida, koridor va sinfxonalarida yurish tartibini o‘quvchilar o‘z muallimlaridan o‘rganishadi. Ya’ni, ularga unday yur, bunday yur deb o‘rgatish shart emas. Aytaylik, maktab hovlisidagi maysazor yoki gul ekilgan joydan sakrab o‘tsangiz, bola ham shunday qiladi. Qog‘ozni hovliga tashlasangiz, o‘quvchi ham shunday qiladi. Shu sababli biz, muallimlar yurish-turi­shimizda, gap-so‘zimizda nafaqat o‘quv­chiga, hatto bir-birimizga ham ibrat bo‘lishga intilamiz.

O‘quvchilarimdan biriga yo‘l qoidasi haqida tushuntirish berdim. Svetofor­ning qaysi rangi yonganda o‘tish zarurligi, yo‘lga chizilgan piyodalar belgisidan o‘tish kabi holatlarni aytdim, unga rioya etmaslik oqibatlariga misollar keltir­dim. Shunda o‘quvchim «Nega menga bu haqda gapiryapsiz?», deb so‘radi. Men unga ertalab maktabga kirib kelishda onasi bilan birga yo‘l qoidasini buzganligini aytdim. «Onam qo‘limdan ushlab yur degandan keyin yurdim-da», dedi u. Ochig‘i, samimiy suhbatdan keyin bolaning fikrini o‘zgartira oldim. Ertasiga maktabga kelishda o‘sha bola onasiga yo‘ldan o‘tishda qoidaga rioya qilish kerakligini aytibdi. Men aytgan tartibni onasiga ham tushuntiribdi. Darsdan so‘ng haligi ayol huzurimga kelib, bolasiga bergan hayotiy sabog‘im uchun rahmat aytib ketdi, kechirim ham so‘rab qo‘ydi. Bunday paytda muallim bo‘lganligimdan quvonaman.

Ammo ba’zan juda noqulay vaziyatlarga duch kelamiz. Maktabda tartib-intizomli, intiluvchan bola uyiga borgach, nazorat yo‘qligidan taltayib ketadi, mas’uliyatni unutadi. Ayrim ota-onalar bola fe’lidagi o‘zga­rishlar bilan qiziqmaydi. Ayniqsa, jismoniy o‘sish davridagi ruhiy o‘zga­rishlarni o‘yinqaroqlik, jizzakilik deb tu­shunishadi. Bu holatni o‘g‘il yoki qizini urushib yengishga intilishadi. Ba’zida bunday ota-onalarga gapimiz o‘tmaydi. Ular bolasining tarbiyasi uyida emas, aynan maktabda buzilayotganligini pesh qiladi. Vaholanki, bizda oilada yaxshi tarbiya ko‘rgan bolalar darsda ham, yurish-turishda ham, jamoat orasida ham odob saqlashadi. Hatto ana shunday madaniyatli bolalarni misol qilib keltirsak ham ba’zi ota-onalar tushu­nishni istashmaydi.

Bir so‘z bilan aytganda, ta’lim-tarbiyada o‘qituvchining vazifasi maktabda o‘quvchining darsga bo‘lgan ishtiyoqini kuchaytirish, ilmga intilishini oshirish hamda uning jamoat ichida tartib-intizomli bo‘lishini ta’minlashdan ham iborat. Uchrayotgan noxush holatlarni bartaraf etishda ham, baribir ota-onadan olgan ibrati bo‘lishi kerak. Aks holda, harakatimiz zoye ketadi. Bu nozik masa­lada ota-onalar doimo hushyor bo‘lishini istar edim.

Gulshoda Abdurasulova,

Samarqand shahridagi 5-maktab o‘qituvchisi.