Shaxsiy ma’lumotlar daxlsizmi?

Balki biroz hissiyotga berilgandirman, biroq xulosa qilishga shoshilmang. Ha, aynan shunday – shaxsiy ma’lumotlar daxlsizligi kafolatlanmagan. Qonunlarda belgilangan, ammo u bugungi voqelikka to‘g‘ri keladimi?

- Qo‘shrabot “Agrobanki”dan nomimga onlayn kredit rasmiylashtirilgan ekan, bir yildan buyon hech qanday to‘lov amalga oshirilmagani uchun bank xodimlari uyimga kelaverib, xunob qilib yubordi.

Odatiy ish kunlarida qilingan bu murojaat avvalboshda uydirmadek tuyuldi.

- Ja, unchalikmasdir, telefoningizga kelgan kodni kimgadir aytgandirsiz?

- Yo‘q, bankka borib surishtirdim, nomimga rasmiylashtirilgan kredit hujjatlarida boshqa telefon raqami qayd qilingan.

- Endi, nima qilmoqchisiz?

- Shunga boshim qotgan...

Xo‘sh, Siz nima qilardingiz? Maslahat berishdan osoni bormikan?

Yuristning hikoyasi

Ayni masalada mutaxassislar bilan maslahatlashdim. Bunday chigallikdan murojaatchi chiqib keta olishiga ko‘zim yetmagani sabab eshitganimni sizga ilindim.

- Tegishli joylarga arz qilishdan avval yaxshilab surishtirish kerak, - deydi tanish yuristlardan biri. – Chunki qayerdadir bu kishining o‘zi ham nomiga kredit rasmiylashtirilayotganidan xabardor bo‘lib qolgan bo‘lishi kerak.

Yaqinda shunday murojaatni o‘rganganimda, shikoyatchi ayol qoramolning yonida suratga olishganini esladi. Ma’lum bo‘lishicha, unga rasmiylashtirilgan kredit chorva xaridi uchun deb chiqarilgan ekan. Bundan tashqari, agar imtiyozli kredit olingan bo‘lsa, buning uchun mahalladagi hokim yordamchisi tavsiya bergan.

Lekin ayrim hollarda faqat pasport nusxasi yordamida haqiqiy mijozni xabardor qilmay, kredit rasmiylashtirilishi ham bor gap.

Ijtimoiy tarmoq xabarida

Yuqoridagi gap aslida ko‘pchiligimizga tanish, chunki bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar chiqib turibdi. Ammo bu muammo aynan o‘zimiz bilan sodir bo‘lmagani uchun ko‘pam ahamiyat bermaganmiz.

Misol uchun, Furqat tumani bank xizmatlari markazi sobiq rahbari D.M. va boshqalar 5 nafar fuqaro nomidan ularning xabardorligisiz tadbirkorlik sub’yektlari bilan soxta shartnomalar tuzish orqali 132,3 million so‘m imtiyozli kredit ajratilishiga erishgan.

Departamentning Furqat tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda ushbu mablag‘lar talon-toroj qilinganligi aniqlangan.

Hali «sovimagan», lekin sovug‘i etni junjiktiradigan xabardan xulosa qildikmikan?

Tushunyapsizmi, bank mutasaddilari 5 kishining nomiga ularga aytmasdan, kredit rasmiylashtirib, «yeb yuborgan». Endi bu beshovlon kamida 2-3 oy ovora bo‘lishi tayin. O‘zlari ko‘rmagan, biron manfaat topmagan mablag‘larni to‘lashi yoki to‘lamasligi esa yana bir masala.

 

Pasport nusxasini hech kimga ishonmang!

Tahririyatga murojaat bilan kelgan kishini ham yoki u kabi chuv tushganlarni ham pasport nusxasini birovga berganlikda ayblashingiz mumkin. Lekin o‘zingizchi, o‘nlab (agar yuzlab bo‘lmasa) idora va tashkilotga pasport nusxangizni bermaganmisiz?

Shoshilmang, hech bo‘lmaganda uyali aloqa kompaniyasida bir nusxa qoldirgansiz. Undan kim, qanday foydalanadi, kimlarga, qay maqsadlarda berib yuboradi, kuzatish, nazorat qilish imkoniga ega emassiz.

Ayni paytda nomingizga hech qanday kredit rasmiylashtirilmaganini to‘la ishonch bilan ayta olasizmi? 100 foiz ishonch bilan ayta olamanki, bu ish qo‘lingizdan kelmaydi. Chunki, bugun O‘zbekistonda bunday xizmat turi yo‘lga qo‘yilmagan. Albatta, muayyan to‘lov orqali aniqlanadigan kredit tarixi bundan mustasno.

Muammolar haqida gap ketganda, odatda jamoatchilikni ayblaymiz - ilmsizligi, laqma va ishonuvchanligi shu holga sabab bo‘lgan, deyishga ustamiz. Xo‘p, pasport nusxangiz bilan nomingizga kredit rasmiylashtirib, «yeb yuborishsa», nima qilasiz?

Taklif

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida «nomingizga ochilgan bank kartalari» xizmatini joriy qilish qiyinmi? Yoki sizning «nomingizdagi kreditlar, kafilliklar to‘g‘risidagi ma’lumotlar»ni yo‘lga qo‘ysa bo‘ladimi?

Yoqubjon Marqayev.