"Shayton suvi"dan sarmast yigit amakisini o‘ldirib qo‘ydi
Bu ichkilik deganlari kimlarni zalolatga boshlamagan, yer bilan yakson qilib, beobro‘ qilmagan deysiz? Oq aroqning qora qilmishi haqida ko‘p eshitganmiz. Hayotda sodir bo‘layotgan jinoyatlarning aksariyati mastlik oqibatida sodir etilayotgani yanada achinarli.
Bir farzandning otasi, 1991 yil Bulung‘ur tumanida tug‘ilgan Bokir Omonov (ism-shariflar o‘zgartirilgan) tuppa-tuzuk do‘konda savdo bilan shug‘ullanib yurardi.
2020 yil 3 aprel kuni kunduzi do‘konda ishlab o‘tirgan payti jiyani Olim kelib, opasi Durdonaning tug‘ilgan kuni bo‘layotgani, tog‘asiga mehmonga borishini tayinlab chiqib ketdi. Bokir kechki payt ishini yakunlab, uyiga kelib biroz tamaddi qilgandek bo‘ldi.
Shundan so‘ng tug‘ilgan kun esiga tushib, “yarimta”ni qo‘ltiqlab, qarindoshi Botirning uyiga borib, jiyani Durdonaning tug‘ilgan kuni bo‘layotganini, birga tabriklab kelishini aytdi. Ular birgalikda tug‘ilgan kun bo‘layotgan xonadon tomon ketishdi…
Xursandchilik bo‘layotgan xonadonga Durdonaning sinfdosh dugonalari ham kelishgan ekan. Tog‘alar uchun alohida xonaga joy tayyorlangan, tug‘ilgan kun egasi ularni o‘sha xonaga o‘tirishga taklif etdi. Bokir va Botir bir shisha aroqni “joyiga solishdi”. Albatta, tug‘ilgan kunda jiyani Durdona sha’niga iliq gaplar aytildi. Bir shisha ular uchun urpoq ham bo‘lmadi. Shunda Bokir jiyani Olimni uyiga jo‘natib, uylaridan yana bir shisha aroq olib kelishni buyurdi. Jiyan hash-pash deguncha yana bir shisha aroqni ko‘tarib keldi. Piyolalarga shayton suvi quyildi…
Bazm tugab hamma tarqaladigan bo‘ldi. Botir uyiga ketdi. Bokir ham uyi tomon keta boshladi. Ammo oyoqlari qiyshayib, yana orqaga qaytdi. Bazm tugagan, hamma orom olayotgan edi. Uyga kiraman deb eshikni zarb bilan taqillatdi, eshik oynalari sinib ketdi…
Eshikni jiyani Fozil ochdi. Aljiragan tog‘ani qo‘ltiqlab, uyiga qo‘yib kelish taraddudiga tushdi. Yarim chaqirim sudrashib yurishdi. Ular Bokirning amakisi Amir Nizomov uyi yoniga kelishdi. Bokir jiyani Fozilning qarshiligiga qaramasdan amakisining uyiga bostirib kirdi. Mast holatda shovqin-suron ko‘tardi. Xonadondagi televizor, radioni oyog‘i bilan tepib, uloqtirib yuborgan edi ular chil-chil sindi…
Atrofda bo‘layotgan shovqinni eshitgan Amir aka jiyani Bokirga mastligini aytib, uni tinchlantirishga urindi. O‘zini sher hisoblagan Bokir bunga quloq solarmidi? Amakisini urib, do‘pposladi. Ajratmoqchi bo‘lgan jiyani Fozilni ham har xil nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qildi. Hali voyaga yetmagan Fozil bu janjalga toqat qilmay orqaga qaytdi va bo‘lgan voqeani opasi Durdonaga yetkazdi. Durdona bu haqda Bokirning akasi Bobomurodga qo‘ng‘iroq qilib, ukasi amakisi xonadonida janjal ko‘tarayotganini yetkazdi.
… Bobomurod amakisi xonadoniga yetib borganida soat tonggi 03:00 lardan oshgan edi. Bu vaqtda Amir aka yerda qonga belangan holda yotar, badani mamatoloq bo‘lib ketgan edi.
Keyinchalik tergovda ma’lum bo‘lishicha, Bokir Omonov amakisini arzimagan sabablar bilan tanasining duch kelgan joyiga, qo‘l va oyoqlari bilan dam-badam urib, uning zarbalaridan ingrayotganligidan yanada zavqlanib, bunga ham qanoat qilmasdan uni qiynoqqa solishda davom etib, yerda yotgan ketmonning metalldan yasalgan tig‘ qismi bilan bosh va hayot uchun muhim bo‘lgan boshqa sohalariga bir necha marta zarbalar berib, uni o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan o‘ldirgan…
Sud-tibbiy ekspertizasining xulosasida A.Nizomovning o‘limiga sababi tanasida og‘ir tan jarohatlari belgilari mavjudligi bilan bevosita bog‘liqligi ko‘rsatilgan.
Sud tomonidan B.Omonovning jamiyatda umume’tirof etilgan axloq-odob normalariga nisbatan oshkora hurmatsizlik, atrofdagilarga bepisand munosabatini namoyishkorona ko‘rsatib, marhum A.Nizomovni qasddan o‘ldirganlikda ifodalangan jinoiy harakatlari Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “l” bandi bilan to‘g‘ri malakalangan deb topildi.
Sudlanuvchi Bokir Omonov uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etildi…
Mastlik oqibatida sodir etilgan ushbu jinoyat bir insonning umriga zomin, qarindoshlar o‘rtasida yuz ko‘rmas, sudlanuvchi oilasining boquvchisiz qolishiga sabab bo‘ldi.
Zokirjon QO‘ZIBOYeV,
Oliy sud katta konsultanti.