Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlariga suiqasd rejalashtirilganmidi?

1992 yilning oxirlarida ayrim davlatlarning maxsus xizmatlaridan bizga ketma-ket tezkor xabarlar kelib tushdi, – deydi O‘zbekiston Respublikasining sobiq Ichki ishlar vaziri, general-polkovnik Zokirjon Almatov “O‘zbekiston ovozi” gazetasida chop etilgan suhbatda. – Ma’lum qilinishicha, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari Farg‘ona vodiysining qaysidir tuman yoki shahriga borgan vaqtlarida, u kishiga nisbatan terrorchi guruhlar tomonidan suiqasd uyushtirilishi rejalashtirilayotgan ekan.

O‘sha paytda Birinchi Prezidentimiz topshirig‘iga binoan ana shu terroristik harakatlarning oldini olish maqsadida tezkor qidiruv ishlari amalga oshirildi va tabiiyki, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari davlat himoyasiga olindi. Ammo g‘alamislar o‘z o‘yinlarini davom ettirdi. Ularning niyati Shayxga suiqasd uyushtirib, bu jinoyatni Respublika rahbariyatiga to‘nkash edi. Shu tariqa jamoatchilikni amaldagi rahbariyatga qarshi qo‘yish, g‘avg‘o chiqarish, urush olovini yoqish edi.