She’rlaring tilda qolur, yodlaring dilda qolur yoxud ta’ziyanoma
Omon Matchon Samarqandda o‘qib yurgan vaqtida Xoja Ahror qabrini ko‘p ziyorat qilar va tushlariga kirar ekan. Toshkentda Cho‘lpon nashriyotiga direktor bo‘lgach, Xoja Ahrori Valiy ruhini shod qilish uchun u haqda bir kitob chiqarmoqchi bo‘lib, kitob qidirib qolibdi. Menda Xoja Ahrorga bag‘ishlangan Rashahot kitobining tarjimasi bor edi. Meni qidirib topib, kitobni oldi va Sherali Jo‘rayevni homiy bo‘lishga ko‘ndirdi. Natijada bu ulug‘ kitob bosilib chiqdi. Omon Matjon katta savobga ega bo‘ldi. Alloh uning ruhini shod, oxiratini obod qilsin.
***
Birodarim, ey Omon,
Holimiz bo‘ldi yomon.
Axir sen emasmiding,
Adab ahliga darmon.
Sen yozgan har bir g‘azal
Biri-biridan go‘zal.
O‘zbeklarga bergandi,
Seni taqdiri azal.
She’riyatga jon eding,
Tomirlarda qon eding.
Ne deyki, o‘zbeklarga,
Sharaf birla shon eding.
Endi yo‘q "yurishlaring",
She’r o‘qib, "turishlaring",
"Hech qachon chiqmas yoddan",
Samimiy "kulishlaring".
Jism o‘lar, yashamas,
Ammo, ruhlar tashlamas.
Sendek otashin shoir,
"Avvalgilarga o‘xshamas".
Ruhing seni shod bo‘lsin,
Marqading obod bo‘lsin.
Ming yillar o‘tsa hamki,
Noming seni yod bo‘lsin.
She’rlaring tilda qolur,
Yodlaring dilda qolur.
Noming o‘chmas hech qachon
Har oyu yilda qolur!
Mahmud HASANIY.
***
She’riyat sheri edi, avvalgilarga o‘xshamas,
Ilmu urfon shamshiri - avvalgilarga o‘xshamas,
So‘zni afsunkor piri - avvalgilarga o‘xshamas,
Xushkalom OMON tili, gavharfishon OMON tili -
Firdavsni bo‘lsin bulbuli - avvalgilarga o‘xshamas!
Dilorom SALOHIY.