Sherqo‘rg‘onliklar beda o‘rniga kartoshka ekmoqchi

  Jomboy tumanida tomorqadan samarali foydalanib, mo‘may daromad qilayotgan oilalar ko‘p. Ulardan biri Sherqo‘rg‘on mahallasida yashovchi Ulug‘bek Ko‘bayev oilasi.

  - Xalq banki tuman filialidan ajratilgan 28 million so‘mlik kredit mablag‘i evaziga 4 sotixlik issiqxona qurdim, - deydi u. – 2 yildan beri shu issiqxonada pomidor, bodiring yetishtiryapman. O‘tgan yilgi daromaddan kreditimning yarmini qaytarib bo‘ldim. Mahallamiz aholisi uchun hovlimizning ko‘cha tomonidan savdo do‘koni ochdik. Issiqxonadan chiqayotgan mahsulot shu do‘konning o‘zida sotilyapti. Yaqinda tumanimiz hokimi tomonidan berilgan taklif asosida go‘zallik salonini ishga tushirmoqchimiz. Yana kredit olib,  parandachilik bilan ham shug‘ullanish rejamiz ham bor. Tadbirkorligimni kengaytirib, yangi ish o‘rinlari yaratmoqchiman.

  Sherqo‘rg‘on mahallasida kattagina ekin maydoni bo‘la turib, undan unumli foydalanmayotgan tomorqa yer egalari ham bor ekan. Masalan,  mahalladagi bir xonadonda 18 sotix tomorqa mavjud bo‘lib, shu paytga qadar bu yerning aksariyat qismiga beda va terak ekib kelingan. Tuman hokimligi tomonidan tashkil etilgan ishchi guruh tavsiyasi bilan bedazorning bir qismi buzilib, issiqxona tashkil etilmoqda.

  - 8 bosh qoramol, 100 bosh parranda boqamiz, - deydi xonadon sohibasi Shohista Azizqulova. – To‘g‘ri, shu paytgacha tomorqamizdan samarasiz foydalanib kelayotgan edik. Ishchi guruh tavsiyasi bilan 3 sotix joydagi terakzorni buzib, 30 million so‘mlik kredit evaziga issiqxona quryapmiz. O‘ylab qarasak, tomorqa imkoniyatlari ko‘p ekan. Bedazorning o‘rniga kartoshka ekmoqchimiz. Kutilmagan yangilik bo‘lyapti. Qimirlagan qir oshar, deyishadi. Berilayotgan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanishimiz kerak.

  Ishchi guruh tomonidan tumanning boshqa hududlarda ham targ‘ibot tadbirlari olib borilmoqda. Qo‘lidan ish keladigan har bir fuqaroga tomorqadan unumli foydalanish, ayni karantin davrida vaqtini mazmunli o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar berilmoqda.

To‘lqin SIDDIQOV,

Baxtiyor MUSTANOV.