Tarjimonlar taqdirlandi

Samarqand davlat chet tillar institutida Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: “Samarqand ruhi” – hamkorlik, o‘zaro anglashuv va do‘stlik ifodasi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Oliy Majlis senati a’zosi F.Toshev, SamDChTI rektori I.To‘xtasinov, viloyat turizm va madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari D.Narziqulov Shanxay hamkorlik tashkiloti Samarqand sammitining ahamiyati haqida so‘zladi. Xalqaro sammitning yuqori saviyada tashkil etilishida Samarqand davlat chet tillar istitutining munosib hissasini e’tirof etdi.
Darhaqiqat, xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarga batafsil ma’lumot berishga, xorijiy delegatsiyalar hamda mehmonlarga tarjimon sifatida hamrohlik qilish uchun institutning malakali tarjimon o‘qituvchi hamda talabalari rus, xitoy, ingliz, nemis, fransuz, italyan, ispan, yapon, koreys, arab va turk tillarida faoliyat olib bordi.
Ochiq muloqotda nufuzli mehmonlar, institut rahbariyati vakillari va sammit doirasida tarjimonlik faoliyati bilan shug‘ullangan volontyorlar ishtirok etishdi.
Davra suhbatida gid-tarjimon sifatida beminnat xizmat ko‘rsatgan professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlarga minnatdorchilik bildirilgan holda viloyat hokimligining faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.