Shifokor koronavirus infeksiyasini uyga olib kiradigan xavfli buyum haqida ogohlantirdi

Rossiyalik shifokor Larisa Alekseyeva “Vechernyaya Moskva” gazetasiga bergan intervyusida noto‘g‘ri ishlatilgan niqob pandemiya davrida foydalanadigan eng xavfli buyum ekanligi haqida ogohlantirdi. Bu haqida RIA Novosti nashri xabar berdi.

Alekseyevaning so‘zlariga ko‘ra, ko‘pchilik bitta niqobni uzoq muddat davomida taqib yurib, uni yuvilmagan qo‘llari bilan yechib, cho‘ntagida olib yuradi, keyin o‘sha qo‘llari bilan yuzini ushlaydi. Bundan tashqari, ular o‘sha niqobni uylariga olib boradi, bu esa koronavirus ko‘payishi uchun eng qulay sharoit hisoblanadi. Shifokor shaxsiy himoya vositalariga bunday munosabatda bo‘lish ayanchli oqibatlarga olib kelishini alohida ta’kidladi.

“Bizda “samarasiz niqob taquvchi” odamlar juda ko‘p. Ular bitta niqobni 10-15 kun, ba’zida undan ham ko‘p vaqt mobaynida taqib yuradilar”, dedi u.

Alekseyeva bir martalik niqoblarni qo‘llanmaga muvofiq taqish zarur ekanligi haqida eslatib o‘tdi: tibbiy niqobni ikki soatdan ko‘p bo‘lmagan vaqt davomida, yuzga tegizmagan holda ehtiyotkorlik bilan yechib olish, shuningdek, selofan paketga solib, chiqindi qutisiga tashlash lozim. Shu bilan birga u ko‘p marta ishlatiladigan niqoblarni ko‘chadan kelgach, albatta sovunlab yuvish zarurligini ta’kidladi.