Shifokor tavsiyasi: Saharlik va iftorlikda ortiqcha taom yeyishdan tiyilish lozim
“Ayni kunlarda karantin sabab biz, shifokorlarning mas’uliyatimiz yanada kuchaygan. Ammo ro‘za bunga mutlaqo xalaqit qilayotgani yo‘q. Saharlikdan so‘ng biroz kitobga oshno bo‘laman. Adabiyotga qiziqishim azbaroyi kuchliligidan uyimda shaxsiy kutubxona qilganman. Ramazon boshlangandan buyon kitob javonim oldidan ketmay qoldim. “Ruhiy tarbiya”, “Kifoya”, “Odoblar xazinasi” va boshqa kitoblardan muntazam o‘qib boryapman.
Bir zumda ishga ketish vaqtim bo‘lib qoladi. Shifohonaga otlanaman. Tushgacha bemorlar ko‘proq bo‘ladi. Tushdan so‘ng internet orqali tibbiyotga oid yangiliklar va tadqiqotlar bilan tanishib, kasbimga oidlarini o‘rganib chiqaman. Ishdan so‘ng mahallamizdagi ba’zi keksa, qarovchisi yo‘q, ijtimoiy ko‘makka muhtojlar xonadonlaridan xabar olaman (ayniqsa, Ramazon boshlanganidan buyon har kuni xabar olyapman. Chunki bu sunnat!).
Uyga qaytgach, farzandlarim bilan dinimiz buyurgan, har bir musulmon bilishi va qilishi lozim bo‘lgan farz, vojib, sunnat va boshqa amallarni yaxshilab o‘rganishga vaqt ajratamiz. Shuningdek, Qur’ondan suralar, zarur duolar va zikrlarni yodlaymiz.
Iftorlikdan so‘ng, Taroveh namoziga qadar televizorda taqdim etilayotgan Ramazonga oid dasturlarlarni tomosha qilamiz. Ayniqsa, ITV orqali diniy, ma’rifiy, islomiy mavzudagi MUSLIM TV kanali ko‘rsatuv va namoyishlarini butun oilamiz bilan berilib ko‘ramiz.
Shu o‘rinda, shifokor sifatida ro‘zador yurtdoshlarimizga saharlik va iftorlikda vaqtida, ortiqcha taomlanishdan tiyilishlarini iltimos qilardim. Kun davomida chanqab, kuchsiz bo‘lib qolishdan qo‘rqib, saharlikda ortiqcha ovqatlanish meda-ichak va oshqozon xastaliklarini keltirib chiqaradi. Yana bir jihati, ortiqcha ovqat insonni holsiz, kuchsiz qilib qo‘yadi.
Hurmatli vatandoshlar, aziz birodarlar! Ramazon oyidan unumli foydalanaylik. Ro‘za dasturxonini oddiy kunlardagidek qilish maqsadga muvofiq. Shifokor sifatida ro‘zaning salomatlikka foydasi nihoyatda katta ekanligini e’tirof etaman. Faqat saharlik va iftorlikda ortiqcha taom yeyish va suv ichishdan tiyilish lozim.
Ulug‘bek RUSTAMOV.