Shifokorlarga zo‘ravonlik qilgan shaxslar 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin
Bosh prokuratura tomonidan tibbiyot xodimlari faoliyatiga to‘sqinlik qilish va ularga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining oldini olish maqsadida qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2018-2021 yillarda respublikada 470 dan ortiq holatda tibbiyot xodimlariga nisbatan turli shakldagi tajovuzlar qilingan. Loyihaga ko‘ra, shifokorlarga qo‘l ko‘targanlar ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Xususan, shifokorlarga zo‘ravonlik qilish og‘irroq javobgarlikni keltirib chiqaradigan bezorilik jinoyati, deb baholanmoqda. Bezorilik jinoyati o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga nisbatan sodir etilishi uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishiga olib kelishi ko‘rsatilib, buning natijasida tibbiyot xodimlariga bezorilik oqibatida tajovuz qilganlik uchun javobgarlik og‘irlashtirilmoqda.