Shifokorlarning yakka tartibda oilaviy shifokorlik faoliyatiga ruxsat beriladi, poliklinikalarda ish vaqti 20:00 gacha davom etadi
Bugun “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra:
• hududlarda 2023 yil 1 yanvardan joylardagi oilaviy poliklinika filiallari negizida oilaviy shifokor punktlari tashkil etiladi;
• oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinika va tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida kunduzgi statsionar ish vaqti soat 20:00 gacha uzaytiriladi hamda ularda ishlovchi tibbiyot xodimlari uchun 2022 yil 1 iyundan qo‘shimcha ustama haqi belgilanadi;
• 2022 yil 1 maydan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalaridan olis masofada joylashgan mahallalarda mahalla tibbiyot punktlari tashkil etiladi (2022 yilda jami 1002 ta);
• aholining profilaktik tibbiy ko‘riklari, skrining dasturlar va patronaj xizmati faqat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan tartibga muvofiq va belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi, boshqa tashkilotlarning ushbu jarayonga aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi.
2022 yil 1 iyuldan:
• olis va chekka hududlardagi oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarda faoliyat yuritayotgan barcha shifokorlar oylik ish haqiga qo‘shimcha 2 million so‘m miqdorida har oylik ustama belgilanadi hamda ularga ipoteka asosida uy-joy sotib olishda uy-joy qiymatining 50 foizigacha qismi, biroq BHMning 500 barobaridan (135 mln. so‘mdan) oshmagan miqdorda qoplab beriladi;
• olis va chekka hududlarda uzluksiz 3 yil ishlagan shifokorlar klinik ordinaturaga test sinovlarisiz qabul qilinadi.
2022 yil 1 sentyabrdan shifokorlarning yakka tartibda oilaviy shifokorlik faoliyatini yuritishga ruxsat beriladi.
Buning uchun alohida tibbiyot muassasasi ochish talab etilmaydi va ushbu toifadagi shifokorlarga o‘z uyida yoki ijaraga olingan binoda tibbiy xizmatlar ko‘rsatishi mumkin.
Mazkur tajriba dastlab 2022 yil yakunigacha Sirdaryo viloyatida, keyinchalik esa bosqichma-bosqich boshqa hududlarda joriy etiladi.