Shoir Olim Devona haqida eshitganmisiz? Uning "Ravzai Asror" asari haqida-chi?
Paxtachi tumanidagi 25-sonli musiqa va san’at maktabida filologiya fanlari nomzodi, adabiyotshunos olim Ismat Sanayev tahriri ostida chop etilgan "Ravzai asror" kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Filologiya fanlari nomzodi, adabiyotshunos olim Ismat Sanayev ko‘p yillik tadqiqot va izlanishlardan so‘ng XIX asrning ikkinchi yarmida yurtimizda kamolga yetgan iste’dodli shoirlardan biri - Olim Devonaning ijodiy merosini jamlab, to‘plam shakliga keltirdi.
Taqdimotda ushbu kitobning ma’naviy-ma’rifiy qimmati, tarixiy qadri haqida gap bordi.
Ta’kidlash lozimki, shu vaqtgacha Olim Devonaning nomi ham, asarlari ham turli sabablar bilan ilmiy jamoatchilik e’tiboridan chetda qolgan edi. “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharq qo‘lyozmalari to‘plami”ning VII jildida Olim Devonaning mang‘it amirlaridan Amir Muzaffar hukmronligi davrida (1860-1885 yillar) amirlikda miroxur lavozimida xizmat qilgani va “Ravzai asror” dostonining muallifi ekanligi to‘g‘risida ma’lumot berilgan. Ammo shu paytgacha shoirning hayot-faoliyati va ijod namunalari izchil tadqiq etilib, biror bir to‘plamda jamlanib, kitobxonlarga taqdim qilinmagan edi. Ismat Sanayev bu mashaqqatli ishga qo‘l urdi va adabiyotshunos olimning izlanishlari tufayli kitobxon Olim Devonadek iste’dodli shoirni kashf etdi va ijodidan bahra olmoqda.
- Ushbu asarni diqqat bilan o‘qib chiqdim, - deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Jo‘raqul Narzullayev. - Kitob kelajagimiz egalari bo‘lgan barkamol avlodni Vatanga, xalqqa, qadriyatlarimizga muhabbat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega.
Ro‘zigul Mag‘ripova,
Jamol Salomov (foto).