Shoir va jurnalist O‘tkir Rahmat 75 yoshni qarshiladi

Bugun O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist O‘tkir Rahmat tavallud topgan kun. Mohir publitsist, tajribali muharrir, yetuk shoir 1948 yil 15 martda Toyloq tumanining Uzun qishlog‘ida tug‘ilgan.

Bugun Toshkent shahrida shu munosabat bilan ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda jurnalist va adiblar, ziyolilar ishtirok etdi.

O‘tkir Rahmatga Samarqand viloyati hokimligi nomidan tabrik o‘qib eshittirildi, ishtirokchilar ustoz jurnalistni muborak yoshi bilan qutlashdi.

O‘tkir Rahmat Samarqand davlat universiteti va Toshkent davlat yuridik institutida tahsil olgan.
Mehnat faoliyatini matbuot nashrlarida boshlab, ko‘p yillar nufuzli idoralarda xizmat qilgan.
1998 yilda “Shuhrat” medaliga va 2005 yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” unvoniga sazovor bo‘lgan. O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a’zosi.

O‘tkir Rahmatning “Irmoq”, “Sog‘inch” , “Rayhon hidi”, “Shukrona”, “Oy yog‘dusi”, “Ko‘zim qorachug‘i”, “Xayol ifori”, “Yurakdagi qush”, “Xoksor maysa”, “Dilchiroq” (saylanma kitobining birinchi jildi) kabi o‘ndan ziyod she’riy to‘plamlari nashr etilgan.

Hozirda "Xalq so‘zi" gazetasi bosh muharriri.
***
MEHR
Tiq etsa u eshik tomon mo‘ltiraydi,
Ko‘zlari to‘rt sog‘inibmi yo‘l qaraydi.
Kimlar kelib, kimlar ketar bu manzildan,
Topolmadi istaganin hech bir dildan.
Hammada ham bordir tashvish, bordir g‘ami,
Kelganlarga kerak faqat uning nomi.
Biri so‘rar yog‘liroq joy, biri yemish,
Biroviga bepul qo‘ysa tillo bir tish.
Mansab istab bor shudini va’da qilar,
Turlanishib buqalamun kabi ular.
Yaltoqlanib yurganlarga to‘yning to‘ri,
Vodarig‘-e, shularmasmi elning sho‘ri.
Ko‘zlari to‘rt eshik tomon mo‘ltiraydi,
Kim kelar deb zada dili qaltiraydi.
Erta-yu kech allakimni kutar bedor,
Yo‘llariga sog‘inchlari, nigohi zor.
Xayolida hali zamon quchoq ochib,
Oqibatu mehr kelar nurlar sochib.
Yig‘lay-yig‘lay islariga to‘ymoqchi u,
Ona ko‘ksin topganday bosh qo‘ymoqchi u!

KO‘NGIL
Ustozga
Dargohingning eshiklaridan
Kecha-kunduz uzilmas qadam.
Shodlik o‘tsa qaysi biridan,
Kirib kelar qay biridan g‘am.
Qarashlaring hammaga tengdir,
Hammasini birday suyasan.
Osmondayin fe’ling ham kengdir,
Jilmayasan, kulib qo‘yasan.
Bu dunyoning tilsimi behad,
Ko‘z boylag‘ich kabi o‘yini.
Tutmish hamma farishtaday qa’d,
Chalar insof, imon kuyini.
Quvlik — tulki chap berar ko‘zga,
Ishonch hurkib turadi hayron.
Sehrlanib sehrli so‘zga
Dilda borin ochishing ayon!
Jilmayasan, senga baribir,
Maqtov yana malhamdek yoqar.
Bilmaysan kim gul-chechak axir,
Ilon bo‘lib kim zimdan boqar.
Sochiladi qalbning sirlari,
Eshiklarin bir-bir ocharlar.
Gullar ekib qaysi birlari,
Qay birlari og‘u socharlar.
Umr o‘tar oqqanday daryo,
Sevinch-g‘amni ko‘tarib boshga.
Hamon befarq yashaysan, ammo
Sho‘r peshonang tegsa ham toshga!
Qalbing torin tinglab unini,
Sho‘x jilmayding shunda ham mayin.
Zahar sochgan ko‘rar kunini,
Gul-chechaklar ekkanga qiyin!