Shoirning ikkinchi umri
U kishining zurriyodi bo‘lmish Muqimjon Orifiy ota-bobolari boshlagan ishni munosib davom ettirib, keyingi yillarda qator yaxshi tashabbuslar bilan chiqyapti. Chunonchi, Samarqandni gullar shahriga aylantirish, bu yerda turli tadbirlar o‘tkazish shunday yumushlar sirasiga kiradi. Mazkur xonadon viloyat qalam ahlining ham sevimli maskanlaridan biriga aylangan. Chunki bu yerda deyarli har oyda mushoira yoki ijodiy mashvarat o‘tkaziladi.
Yaqinda Muqimjon Oripov yana bir xayrli ishga qo‘l urdi. Marhum shoir Jamoliddin Sirojiddinov (Xumiy) xotirasiga bag‘ishlab "Umr o‘tadi-yu…" deb nomlangan kitob nashr ettirdi va u yashab o‘tgan joyda tadbir uyushtirishni niyat qildi. Bu tashabbusni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi, viloyat madaniyat boshqarmasi hamda Toyloq tumani hokimligi qo‘llab-quvvatladi.
Toshkentdagi "O‘zbekiston" nashriyoti tomonidan Jamol Sirojiddinning 2017 yilda chop etilgan "Siyob oqshomlari" saylanmasi bu tadbirga yana bir tuhfa bo‘ldi.
Har ikkala kitob taqdimoti va shoirning xotira kechasi munosabati bilan Toyloq tuman madaniyat uyiga shoir-yozuvchilar, olimlar, san’atkorlar, jurnalistlar to‘plandilar.
– Xumiy haqida gap ketganida u kishining bir xususiyatini ko‘pchilik yaxshi biladi. Shoir o‘zining deyarli barcha she’rlarini yoddan aytar, aytganda ham xuddi baxshilarga o‘xshab, ohangga solib, qo‘shiq qilib aytardi, – deydi Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi mas’ul kotibi Toshpo‘lat Tugalov. – Bundan tashqari, u kishi juda kamtar edi. Taklif qilinmagan joyga bormas, mulozamatsiz to‘rga chiqmas, yaxshi bilmagan narsasi haqida gapirmas, bo‘lar-bo‘lmasga o‘zini ko‘rsatishni yoqtirmasdi.
– Sirojiddinovlar oilasi ijodkorlar beshigi sifatida nafaqat Toyloqda, balki viloyatimizda ham yaxshi ma’lum, – deydi tuman hokimi Bahodir Sa’dullayev. – Oilaning to‘ng‘ichi Jamol Sirojiddin – betakror shoir, Ikromiddin – tarixchi, Bahodir esa qo‘shiqchi, hofiz. Mazkur oilaviy jamoa respublika tanlovlarida bir necha marta g‘olib chiqqan.
Tadbir ishtirokchilarining fikricha, haqiqiy shoir vafotidan so‘ng ham kitoblari, asarlari, ajoyib fazilatlari orqali o‘zining ikkinchi umrini yashaydi. Bu umrga esa nihoya yo‘q.
Xotira kechasi va kitoblar taqdimotida shoir she’rlari bilan ijro etiladigan qo‘shiqlar yangradi.