Shukronalik ne’mati

O‘tmishda taqvodor bir kampir bo‘lgan ekan. Haqiqatan ham taqvosi mustahkam, har ishda Allohni vasiyla qiladigan, har ishda Unga yuzlanadigan qariya ekan.

Har kuni erta saharlab hovlisiga chiqar, qo‘ni-qo‘shnisiga ham eshitiladigan qilib duo qilar ekan: "Allohim! Bizga bergan mana shu ne’matlaring uchun cheksiz shukronalar bo‘lsin! O‘zingga hamdu-sanolar bo‘lsin!".
Bu kampir duo qilib bo‘lishi bilan, har safar qo‘shni ayolning ham ovozi eshitilar ekan: Alloh yo‘q, hey kampir. Alloh yo‘q!

Bunday og‘ir gaplardan kampirning dili og‘risa ham, asablari tarang bo‘lsa ham, o‘z odatini tark etmas, yana har kuni ovozi boricha, chin dildan duo qilaverar ekan.
Xullas, buni yoqtirmaydigan o‘sha qo‘shni ayol kunlarning birida kampirni masxara qilmoqchi bo‘libdi. Do‘konga borib, turli-tuman meva-chevalar, sabzavotlar, non, oziq-ovqat mahsulotlari olib, xaltalarga joylabdi va kampirning eshigi yoniga qo‘yib ketibdi. Ertasi kuni kampir eshikni ochib, turfa xil ne’matlarni ko‘rgach, o‘zida yo‘q hursand bo‘lib, baland ovozda duo qila boshlabdi: "Senga cheksiz shukrlar bo‘lsin, Allohim! Yuborgan ushbu ne’matlaring uchun, bergan rizqlaring uchun cheksiz shukrlar bo‘lsin…",

Shu payt daraxt ortiga yashirinib, uni kuzatib turgan qo‘shni ayolning ovozi eshitilibdi: "Eh, qari kampir-a. Aytdim-ku Alloh yo‘q deb! Bu ne’matlarni Alloh emas, men olib keldim!".
Shunda taqvodor qariya aslo taajjublanmay debdi: "Ey Mehribon Robbim! Senga naqadar ko‘p shukr qilsam ham ozdir! Ham ushbu ne’matlaringni yuboribsan, ham pulini mana bu shaytonsifat bandangga to‘latibsan!
Sening borligingga doimo ishonganman va bundan keyin ham, to umrimning oxirigacha ishonib yashayman!"...