Shunchaki havas bilan maqsadga yetib bo‘lmaydi

Dunyoga mashhur har qanday brend ortida hunar yoki bilim, chinakam tadbirkorlik zamirida shijoat, tinimsiz mehnat va tajriba yotadi.

“Urgut sanoat servis” korxonasi rahbari Majidxon Islomov yosh bo‘lishiga qaramay, mehnatda toblangan, o‘z ishiga hunar va ilm bilan yondashadigan shijoatli tadbirkorlardan.

- Har qanday ishning asosida bilim va hunar bo‘lmas ekan, uning ertasidan umid yo‘q, - deydi Majidxon Islomov tumandagi 6-umumiy o‘rta ta’lim maktabida yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda. – Boshqa sohalar kabi tadbirkorlikning ham o‘z ilmi bor. Ko‘pchilik tadbirkorlikni pulning ortidan quvish deb biladi, unga faqatgina savdo-sotiq ishi deb qaraydi. Chinakam ishbilarmon bo‘lish uchun sohaga oid kitoblarni o‘qish, yangiliklar bilan tanishib borish, zamonaviy bilimlarni egallash lozim. Muhimi, maqsadni to‘g‘ri qo‘yish, marrani balandroq olish. Ayrimlar maishiy ehtiyojlarini qoniqtiradigan mablag‘ topganidan so‘ng to‘xtab qoladi, o‘z ustida ishlamaydi.

M.Islomov tuman markazidan ijaraga joy olib, tikuv sexi tashkil qilib, ukalari bilan erkaklar kiyimlarini tikish bilan shug‘ullana boshlagan kezlari oddiy hunarmand edi. Tayyorlangan mahsulotni tumandagi bozorda sotib, ko‘proq xomashyo olar, sifatliroq mahsulot ishlab chiqarishga intilardi. Buning ortidan ular tayyorlayotgan mahsulotning mijozlari ko‘paydi, viloyat miqyosida xaridorlar, buyurtmachilar kela boshladi. Ishning rivojidan ruhlangan hunarmand qo‘shimcha ishchi jalb qildi. 7-8 nafar tikuvchini ishga olib, mahsulot turini ko‘paytirdi, ko‘proq buyurtma qabul qildi.

- Yaqin besh yilda tadbirkorlik qilaman degan kishiga, ayniqsa, yoshlarga hukumatimiz tomonidan keng imkoniyatlar yaratilgani oddiygina hunarmanddan taniqli tadbirkor bo‘lib yetishishimda bosh omil bo‘ldi, - deydi “Tashabbus – 2021” ko‘rik-tanlovi respublika bosqichining eng yosh tadbirkor nominatsiyasi g‘olibi. – Xususan, oilaviy korxona ochish uchun katta imtiyozlar berildi. Tikuv-trikotaj sohasi yurtimizda kelajak sohalaridan biri. Arzon va sifatli xomashyo manbai, undan tayyorlanayotgan mahsulotga bo‘lgan katta ehtiyoj mamlakatimizda bu jabhada biznes uchun katta imkoniyatlar eshigini ochdi.

Uchrashuvda ishbilarmonlikka havasmand yoshlar tadbirkordan mashhur kiyim-kechak brendlari haqida so‘radi. Bizda ham shunday brendlar yaratish mumkinmi, degan savolni o‘rtaga tashladi.

- Olim, sportchi yoki san’atkor yurtni dunyoga tanitgani kabi tadbirkor ham o‘z mamlakati mashhur bo‘lishida hissa qo‘sha oladi, - dedi erkaklar kiyimlarini tayyorlashda yuqori natijalarga erishayotgan tadbirkor. - Bolaligimdan turli rivojlangan mamlakatlarning mashhur milliy brendlariga havas qilar edim. Masalan, Turkiya, Italiya kabi mamlakatlarni o‘z brendlari ortidan butun dunyoda kattayu kichik taniydi. Tayyorlayotgan kiyimlarimizning sifati oshib borgani sari men ham o‘z milliy brendimizni yaratishni maqsad qildim. Buning uchun Turkiya, Xitoy kabi davlatlarga borib, ularning tajribalarini o‘rgandim. Bizda yaqin-yaqingacha tikuv-trikotaj sohasida kuchli mutaxassislar yetishmas edi. Shu sababdan moliyaviy xarajatlari qanchalik og‘irlik qilmasin, Turkiyadan ma’lum vaqtga mutaxassis jalb qilishga majbur bo‘ldik.

Bu sa’y-harakatlar o‘z samarasini berib, ko‘p o‘tmay Majidxon Islomov yurtimiz bozorlariga milliy o‘zbek brendi «Urgutiniy» nomi bilan erkaklar kiyimlarini chiqara boshladi. Korxona faoliyati e’tiborga tushib, 2021 yilda davlatimiz rahbari Urgut tumanida tadbirkorlik sub’yektlari faoliyati bilan tanishganida yosh tadbirkorning faoliyati bilan ham qiziqdi.

- Yurtboshimizning e’tibori keyingi yutuqlarimda zamin bo‘ldi, - deydi «Shuhrat» medali sohibi M.Islomov. – Bu uchrashuv menga katta ishonch bag‘ishladi. Ishbilarmon kishi nafaqat o‘zi, balki atrofidagi insonlarga ham nafi tegsa, chinakam tadbirkorga aylanadi. Faoliyatimizni kengaytirib, Oqdaryo tumani va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumanida korxona filiallarini ochdik. Hozirda korxonamizda 200 dan ortiq kishi ish bilan band. Kuniga 2 mingta mahsulot tayyorlanyapti. Mahsulotlarimiz Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Tojikiston kabi davlatlarda xaridorgir. Bugun yoshlarning turli yo‘nalishlarda tadbirkorlik qilishi uchun barcha imoniyatlar yaratilgan. Xususan, urgutlik yoshlarda bu imkoniyat yanada kengroq. Ammo shunchaki havas bilan maqsadga yetib bo‘lmaydi. Buning uchun ko‘proq o‘qish, izlanish lozim.

Sulaymon MARDIYeV.

***

Ushbu maqola xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.