Sifatli tibbiyot muntazam o‘rganish deganidir

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filialida Samarqand davlat tibbiyot universiteti  hamkorligida “Tibbiyot va ta’lim” III xalqaro konferensiya ish boshladi. Anjumanda Turkiya, Ozarbayjon,  Xitoy, Ukraina, Rossiya singari davlatlardan 60 dan ziyod jarrohlar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

-Keyingi yilarda sifatli meditsina zamonaviy texnologiyalarga bevosita bog‘liq bo‘lmoqda, - deydi tibbiyot fanlari doktori, Ozarbayjon endoskopik va laparoskopik xirurglar assotsiatsiyasi rahbari Mushfiq Hasanov. – Buning o‘ziga xos sabablari bor. Deylik, xirurgiya sohasida yildan-yilga kaminvazivli operatsiya usuliga o‘tish tobora samaraliroq bo‘lmoqda. Bu ayniqsa, bemor salomatligini tez tiklash va mablag‘ini tejash uchun muhim ahamiyatga ega. Qolaversa, yangidan-yangi tashxis apparatlarining taqdim etilayotgani, sun’iy intellektning tibbiyotga kirib kelayotgani shifokorlarning doimiy ravishda o‘rganib, tajriba almashishlariga ehtiyoj paydo qiladi. Shu nuqtai nazardan bu kabi konferensiyalar shifokorlarning yangidan-yangi bilim olishlari uchun muhim platforma vazifasini o‘taydi.

Turkiyalik hamkasblarimiz tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan bu anjuman yildan-yilga o‘z doirasi va ishtirokchi davlatlar sonini ham kengaytirmoqda. Ahamiyatlisi, anjuman ishtirokchilari bo‘lgan davlatlar uchun International medical nomli jurnal ham ta’sis etilib, unda ushbu konferensiyada tinglangan ma’ruzalar chop etilishi belgilangan.

Konferensiya ishida o‘z sohasining yetakchi olimlari, mashhur jarroh-shifokorlar mahorat darslarini o‘tishdi. Ishtirokchilar onkologiya, ginekologiya, gastroenterologiya sohalarida ma’ruzalar tinglashdi, fikr almashishdi.

-Samarqandda o‘tkazilayotgan konferensiyaning ahamiyati juda katta, - deydi Turkiyaning Marmar universiteti professori Nazan Atalan. – Ko‘plab mamlakatlardan mashhur shifokorlar to‘plangan, ularning ma’ruzalarini eshitish, ular bilan hamsuhbat bo‘lish orqali bilim va tajribamizni oshiramiz. Bugungi globallashayotgan dunyoda tibbiyot sohasi ham doimiy hamkorlikka va tajriba almashinuv, yangi bilimlar o‘zlashtirishni taqozo etadi.

Konferensiya davomida markazda turkiyalik jarrohlar tomonidan bir necha murakkab operatsiyalar amalga oshirilib, mahorat darslari sifatida namoyish etildi.