Singapur rivojlangan davlatlar safiga qanday erishdi?
Singapur davlatining sobiq bosh vaziri Li Kuan Yu poraxo‘rlik bilan qanday kurashgan? U shunday yozadi: “Agar korrupsiyani yo‘q qilmoqchi bo‘lsangiz dastlab o‘zingizning eng yaqin uch nafar do‘stingizni fosh qiling. Siz nimaga shunday qilayotganingizni aniq bilasiz, ular ham xuddi shunday — nimaga fosh qilinganini aniq bilishadi”. Singapur davlati 1965 yilda mustaqillikka erishganida uning qisqa muddatda eng rivojlangan mamlakatlar qatoridan joy olishiga shubha qilganlar ko‘p bo‘lgan. Ammo Singapurning sobiq bosh vaziri Li Kuan Yu o‘zining “Tretego mir — v perviy” kitobida davlatning rivojlanishiga oid juda ko‘p qimmatli fikrlarini o‘rtoqlashgan. Vazirlik lavozimiga kelganida, dastlab ish boshlaganida esa shunday yozadi: “Menda ikkita yo‘l bor edi: birinchisi yurtni talash, qarindosh-urug‘larimni atrofimga yig‘ish, ularga mansab berish, ularni “Forbes” (dunyoning eng boy odamlari ro‘yxati e’lon qilinadigan jurnal) ro‘yxatiga kiritish, buning evaziga xalqni hech narsasiz qoldirish.
Ikkinchi yo‘l: O‘z xalqimga xizmat qilish va mamlakatni jahondagi 10 ta eng rivojlangan mamlakatlar safiga qo‘shish. Men ikkinchi yo‘lni tanladim”. Li Kuan Yu o‘zi o‘ylaganidek Singapurni eng rivojlangan davlatlar safiga qo‘sha oldi.
Ko‘pchilik undan Singapurning rivojlanib ketishiga yana nima sabab, qanday qilib ulkan davlatdan ajrab chiqib rivojlangan davlatga aylandinglar, buni qanday amalga oshirdingiz deb so‘rashganida ularga javoban shunday deydi: «... Men faqat Vatanim oldidagi burchimni bajardim. Davlat byudjetini ta’limga yo‘naltirdim. Muallimni eng quyi tabaqadan Singapurdagi eng yuqori martabaga ko‘tardim. Davlatdagi «mo‘’jiza»larni amalga oshirgan insonlar — muallimlardir. Ular ilm, axloq, mehnat va haqiqatni sevadigan, kamtar avlodni yetishtirib chiqardilar. Buning uchun ulardan minnatdorman!».
Xulosamiz shuki, muallimlar avvalo, KAMTAR, mehnat va haqiqatni sevadigan avlodni yetishtirib chiqishlari kerak ekan.
Men mana shu Li Kuan Yuning “Tretego mir — v perviy” kitobini barcha mansabdorlar, vazirlar, o‘qituvchilar, siyosatchilar stolining ustida turishini xohlardim...
Rivojlangan mamlakatlar tajribasiga suyanadigan, tayanadigan turli qonun va qarorlarni o‘ylab topayotganlar, mana sizlarga yana bir qo‘llanma, yana bir dastur...
Barno Sultonova, jurnalist.