Sirdaryoga ko‘ngillilar tomonidan yuborilgan buyumlarning ayanchli ahvoli bo‘yicha viloyat hokimligi munosabat bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda “Guliston. Sirdaryodagi oilalarga yordam sifatida aholi tomonidan uzatilgan buyumlarning ahvoli...” sarlavhasi bilan xabarlar tarqaldi. Sirdaryo viloyati hokimligi mazkur xabarlarga munosabat bildirdi.

“Mazkur omborga yuborilgan buyumlar, avval Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi xodimlari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati kengashi tomonidan jalb etilgan faol yoshlar (volontyorlar) tomonidan ochiq maydonda saralanadi. Shundan so‘ng epidemiologik xavfsizlikni ta’minlab, yuqumli kasalliklar tarqashi ehtimolini kamaytirish maqsadida dezinfeksiya qilingan holda, turlariga qarab omborning yopiq qismiga joylashtiriladi.

Barchamizga ma’lumki, joriy yilning 13-14 may kunlari Guliston shahrida vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘ishi kuzatildi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan va odamlar ta’bini biroz xira qilishga sabab bo‘lgan holat aynan ko‘ngillilar tomonidan yuborilgan buyumlarning yuk mashinalaridan tushurilib, saralash jarayoni ketayotgan bir vaqtda kuchli yomg‘ir yoqqan.

Tabiiyki, bu holatda u yerda faoliyat yuritayotgan volontyorlar omborning yomg‘irdan panaroq qismida yomg‘ir tinishini kutib turishgan. Xuddi shu holat noma’lum shaxs tomonidan suratga olinib, uning ijtimoiy tarmoqda tarqalishiga sabab bo‘lgan.

Endi ushbu mahsulotlarning tarqatilishida “propiska” asosida tarqatilishi masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, yuqorida ta’kidlaganimizdek, avval saralanib, buyumlar dezinfeksiya qilinganidan so‘ng favqulodda vaziyatda zarar ko‘rgan hamda vaqtincha evakuatsiya qilingan aholiga yetkazilmoqda”, deyiladi munosabatda.