Sirtqi ta’limning yopilishi ta’limdagi muammolarga yechimmi?

Oliy ta’lim muassasalarida sirtqi ta’lim shaklining yopilishi haqidagi xabarlar tarqalganiga ko‘p bo‘lmadi. Bunga ba’zilar sirtqi ta’lim shaklidan sifatli ta’lim olib bo‘lmasligini sabab qilib ko‘rsatyapti. Xo‘sh, haqiqatan ham shundaymi? Sirtqi ta’limning yopilishi qanday o‘zgarishlar olib kelishi mumkin? Keling, shu haqda soha mutaxassislarining fikrlariga e’tibor qarataylik.

Husniddin XONQULOV, Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori, dotsent:

- Prezidentimizning 2025 yil 5 maydagi “Ta’lim sifatini ta’minlash va ta’lim xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan respublikamizda 2025/2026-o‘quv yilidan ta’limning sirtqi shakliga qabul tugatilishi va kunduzgi ta’limdan boshqa muqobil ta’lim shakllari bo‘yicha qabul kvotalari oshirib borilishi belgilandi.

Aslida sirtqi ta’lim shaklida kadrlar tayyorlash qaysidir sohada faoliyat yuritayotgan, lekin oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan shaxslar uchun joriy etilishi maqsadga muvofiq. Biroq so‘nggi yillarda mamlakatimizdagi barcha davlat va nodavlat ta’lim muassasalarida ta’limning bu shaklidan birdek foydalanib kelindi. Sirtqi ta’lim shaklida yiliga atigi ikki oy davom etadigan darslarda talabalar kerakli bilimlarga ega bo‘la olmasligi keng jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Albatta, har bir ta’lim shaklining kamchiliklari bo‘lgani kabi uning ma’lum afzalliklari ham bor. Sirtqi ta’limda ta’lim sifatining pastligi talabalarning o‘qish jarayonidagi faolligi pastligi bilan izohlanadi. Chunki sirtqi ta’limda talabalar ish o‘rniga egaligi bois darslarga borish va o‘qituvchilar bilan muloqot qilish imkoniyati kam bo‘ladi. Shuning uchun talabalar ko‘proq o‘zlari mustaqil o‘qishiga to‘g‘ri keladi. Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, amaliy ko‘nikmalar va ma’lum tajribaga ega o‘rta ma’lumotga ega mutaxassislar uchun ishdan ajralmagan holda sirtqi ta’lim olishi ba’zi oliy ma’lumot olish istagida bo‘lganlar uchun ancha qulay. Endilikda, oliy ta’lim tizimida xalqaro tajribalarni chuqur tahlil qilgan holda sirtqi ta’lim shakliga muqobil bo‘lgan ta’lim shakllarini joriy etish lozim.

Davlat rahbarining 2019 yil 8 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni 1-bandi, 2019 yil 23 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni 1-ilovasi, ya’ni strategiyaning 2-bobi, VIIbandida oliy ta’limning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xorijiy ta’lim va ilm-fan texnologiyalarini jalb etish, qishloq xo‘jaligi sohasidagi kadrlarning ta’lim va kasbiy tayyorgarlik tizimini isloh qilish vazifasi ustuvor yo‘nalishlardan etib belgilangan.

Dunyo amaliyotida sirtqi ta’lim shakliga muqobil ta’lim shakli sifatida “ochiq universitet” tamoyili asosida kadrlar tayyorlash keng yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu tajriba dunyoning ko‘plab rivojlangan mamlakatlarida joriy etilgan bo‘lib, bunda oliygoh talabalari bilan ishlab chiqarish korxonalari vakillari yoki oliy ma’lumotga ega bo‘lgan, biroq faoliyat yo‘nalishini o‘zgartirmoqchi bo‘lganlar tinglovchi sifatida mutaxassislik fanlarini birgalikda o‘qib o‘zlashtiradi.

Respublikamizda joriy etiladigan ushbu ochiq universitet tamoyilida ham tinglovchilarning takliflari hamda oliygoh imkoniyatlaridan kelib chiqib, o‘quv kurslari imkon qadar modullar shaklida barcha uchun qulay muddatlarda tashkil etiladi. Bunda nazariy ta’lim olayotgan talabalar hamda amaliy tajribaga ega bo‘lgan tinglovchilar birgalikda fanlarni o‘zlashtirib, bir-biriga ko‘mak beradi, ta’limda nazariya va amaliyot uyg‘unlashuvi amalga oshadi. Bunda tinglovchilar fan uchun ajratilgan kreditlarga mos to‘lovlarni amalga oshirib, nazariy ta’lim oladi hamda kurs yakunida o‘zlashtirgan fan modullari bo‘yicha sertifikatga ega bo‘ladi. Tinglovchilar tomonidan to‘plab borgan kreditlar oliygoh tomonidan tan olinadi hamda yillar mobaynida o‘quv kurslarida to‘plagan kreditlarini jamlagan holda oxirgi semestrni oliygohda o‘qish orqali diplom olishga imkon yaratiladi.

2024 yildan boshlab Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti hamda Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida Tojikiston oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi tomonidan moliyalashtirilgan “Open Food Innovation University (Oziq-ovqat innovatsiyalari bo‘yicha ochiq universitet) OFINU” loyihasini amalga oshirishni boshladi. Olimlarimiz aynan shu yo‘nalishda kadrlar tayyorlash maqsadida Latviya hamda Slovakiya davlatlari tajribalarini ham o‘rganishdi. Bugun ushbu tajribani joriy etishga doir tegishli me’yoriy hujjatlar tayyorlamoqda. Kelgusida respublikamizning ushbu oliygohlarida tajriba sinov tariqasida ochiq universitet tamoyili asosida oziq-ovqat innovatsiyalarini o‘zida mujassam etgan yo‘nalishda kadrlar tayyorlash rejalashtirilmoqda.

Alisher ERNAZAROV, ISFT xususiy universiteti Samarqand filiali direktoriningo‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, dotsent:

- 2025-2026-o‘quv yilidan boshlab dastlab pedagogika, so‘ngra barcha yo‘nalishlarda sirtqi ta’lim shakli yopilishi haqida yangiliklar e’lon qilindi. Bu haqida “Ta’lim sifatini ta’minlash va ta’lim xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmonida so‘z boradi. Farmonga ko‘ra, O‘zbekistonda ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari faoliyatini tashqi baholash mexanizmlarini belgilash hamda ko‘rsatilayotgan ta’lim xizmatlari sifatini oshirish maqsad qilingan. Lekin haqiqatan ham shundaymi?

O‘zbekistonda ta’lim olishning turli shakllari mavjud bo‘lib, ular “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun va boshqa me’yoriy hujjatlar bilan tartibga solinadi.

Ya’ni, ishlab chiqarishdan ajralgan holda ta’lim olish (kunduzgi). Bu an’anaviy ta’lim shakli bo‘lib, talabalar yoki o‘quvchilar kun davomida ta’lim muassasasida darslarga qatnaydi. Maktab, litsey, kollej va universitetlarning kunduzgi bo‘limlari bunga misol. Yana biri ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ta’lim olish. Bu shakl ishlayotgan yoki boshqa sabablarga ko‘ra kunduzgi ta’limga qatnasha olmaydiganlar uchun qulay. Uning bir nechta ko‘rinishlari bor. Masalan, sirtqi ta’lim, kechki ta’lim, masofaviy ta’lim, dual ta’lim, inklyuziv ta’lim va boshqalar.

Albatta, yuqoridagi mavjud ta’lim shakllari ta’lim xizmatlari turi va sifatining oshishiga xizmat qiladi. Ya’ni, ta’lim olish turlari qanchalik ko‘p bo‘lsa, bu bilim oluvchilarga shunchalik qulaylik tug‘diradi.

Sirtqi ta’lim — bu ta’lim olishning bir shakli bo‘lib, unda talabalar doimiy ravishda universitetga bormasdan, mustaqil ravishda yoki qisman mustaqil o‘qishlar orqali bilim oladi. O‘zbekistonda sirtqi ta’lim ko‘pincha ishlovchi shaxslar uchun qulay hisoblanadi.

Sirtqi ta’lim ko‘plab ishlovchi talabalar, oilaviy majburiyatlari bor shaxslar va moliyaviy imkoniyatlari cheklanganlar uchun muhim imkoniyat bo‘lganligi sababli, uning yopilishi ayrim oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Birinchidan, sirtqi ta’lim ishlaydiganlarga o‘qish va kasb bilan birga bilim olish imkonini berardi. Uning yopilishi bilan ko‘plab shaxslarningkunduzgi ta’limga vaqt topa olmasligi ehtimoli bor.Bu esa ularning oliy ta’lim olish imkoniyatini cheklaydi.

Ayniqsa, qishloq va uzoq hududlarda yashovchilar uchun sirtqi ta’lim qulay edi. Chunki ularga doimiy ravishda shaharga borish shart emasdi. Yopilish ularni ta’limdan uzoqlashtiradi.

Ikkinchidan, sirtqi ta’lim odatda kunduzgi ta’limga nisbatan arzonroq bo‘lib, ko‘plab kam ta’minlangan oilalar uchun qulay edi. Uning yopilishi kam daromadli oilalarning oliy ta’lim olish imkoniyatini yanada qiyinlashtiradi. Shuningdek, sirtqi ta’lim ayollar va oilaviy majburiyatlari bor shaxslar (masalan, bola parvarishi bilan band bo‘lganlar) uchun muhim edi.

Uchinchidan, sirtqi ta’limning yopilishi ishchi kuchida malakali kadrlar tanqisligiga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, ta’lim olish imkoniyatining cheklanishi odamlarning kasbiy malakasini oshirish imkoniyatini kamaytiradi va ishsizlik darajasining ortishiga sabab bo‘ladi.

Agar sirtqi ta’lim o‘rniga masofaviy ta’lim taklif qilinsa, internet sifati past bo‘lgan hududlarda yashovchilar va texnologik qurilmalarga ega bo‘lmaganlar uchun bu muammo bo‘ladi. O‘qituvchilar va talabalarning barchasi masofaviy ta’limga to‘liq moslashmagan bo‘lsa, bu holat ta’lim sifatiga ta’sir qiladi. Bundan tashqari, sirtqi ta’lim ko‘plab universitetlar uchun talabalar oqimi va daromad manbai edi.

Xo‘sh, ushbu muammolarning yuzaga kelmasligi uchun nima qilish kerak? Sirtqi ta’lim o‘rniga sifatli masofaviy ta’lim platformalarini kengaytirish va ularning barcha uchun qulay bo‘lishiga e’tibor qaratish lozim. Kechki ta’lim yoki qisman masofaviy ta’lim kabi gibrid modellarni joriy qilish ham yaxshi samara beradi. Internet va texnologik qurilmalarga erishishni kengaytirish orqali masofaviy ta’limning muammolarini kamaytirish mumkin.

Hozirda sirtqi ta’lim o‘rniga muqobil variant sifatida masofaviy ta’lim ko‘rilmoqda. Umuman,ta’lim shakllarining ko‘p bo‘lishi va ta’lim sohasidagi erkinliklar, xususiy ta’limning qo‘llab-quvvatlanishi ta’lim sohasiga ijobiy ta’sir qiladi.

Masofaviy ta’lim – bu zamonaviy ta’lim shakli bo‘lib, unda talabalar o‘quv jarayonida asosan internet va onlayn platformalar orqali ishtirok etadi. Bu sirtqi ta’limdan farqli o‘laroq, ko‘proq texnologik imkoniyatlarga tayanadi va talabalarga o‘qish uchun jismoniy ravishda o‘quv muassasasiga borish talab qilinmaydi.

Masofaviy ta’limda darslar Zoom, Microsoft Teams, Moodle yoki maxsus o‘quv platformalari orqali o‘tkaziladi. Talabalar vaqtini mustaqil ravishda boshqarib, onlayn materiallardan foydalanib o‘qishi mumkin. Bunda video darslar, elektron kitoblar, testlar va forumlar orqali bilim olinadi. Imtihonlar va topshiriqlar ko‘pincha onlayn shaklda amalga oshiriladi, ba’zida esa offlayn (imtihon markazlarida) topshiriladi. Masofaviy ta’limning qulayligi shundaki, geografik cheklovlarsiz, xohlagan joydan o‘qish imkoniyati mavjud.

Maftuna XOLOVA, Samarqand davlat chet tillar instituti dotsenti, filologiya fanlari doktori:

- Sirtqi ta’lim shakli talabaga ish va o‘qishni birlashtirish imkoniyatini beradi. Talabalar bir necha hafta davomida katta miqdordagi mavzularni o‘zlashtiradi, so‘ng ulardan imtihonlar olinadi. Sirtqi ta’lim odatda kunduzgi ta’limdan kam davom etadi. Chunki u uchun qisqartirilgan dasturlar taqdim etiladi. Sirtqi ta’limda o‘qish muddati kunduzgi ta’limga qaraganda uzoqroq bo‘lib, bu ham bakalavriat, ham mutaxassislik darajalariga taalluqli. Lekin xorijiy tillarni o‘rganish doimiy amaliyot va malakalarni takomillashtirishni talab qilganligi sababli ba’zi bir mutaxassisliklar, masalan, xorijiy tillar va tarjima nazariyasi yo‘nalishlari sirtqi o‘qish orqali o‘zlashtirilishi mumkin emas. Shuning uchun ko‘pgina universitetlarda til mutaxassisliklari uchun sirtqi ta’lim shakli mavjud emas.

Bugungi axborot texnologiyalari asrida, xususan, yangi pedagogik texnologiyalar asosida ta’lim berilayotgan jamiyatda sirtqi ta’lim mutaxassislariga talab qay darajada, degan savol tug‘iladi. Avvalo, sirtqi ta’lim shaklida yiliga atigi ikki oy davom etadigan darslarda talabalar kerakli bilimga ega bo‘la olmaydi. Bu kabi e’tirozlar qaysidir ma’noda o‘rinli.

Maktabni bitirib, sirtqi ta’limga hujjat topshirish o‘zini oqlamaydigandek nazarimda. Sirtqi ta’limda o‘qishni istovchi mutaxassis aynan ish staji va ma’lum yosh chegarasida bo‘lmog‘i, shuning bilan birga faoliyat yuritayotgan tashkilot tavsiyanomasiga ega bo‘lishi kerak. Bu degani, amaliy malakalarini sirtqi ta’limda nazariy jihatdan mustahkamlash imkonini yaratadi.

***

Mutaxassislar fikrlarini ma’qullagan holda aytish mumkinki, sirtqi ta’lim pedagogika sohasida mutaxassislar tayyorlashga to‘g‘ri kelmaydi. Buni oddiy misol bilan tushuntiraman. Nega tibbiyot sohasida sirtqi ta’lim shakli yo‘q? Negaki, har olti oyda 30-40 kun an’anaviy darslar o‘qitilishi bilan shifokor tayyorlab bo‘lmaydi. Xuddi shunday har olti oyda bir oylik oflayn darslar hisobiga salohiyatli, yetuk pedagog tayyorlash ham qiyin masala. Ba’zilar maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ishlash uchun sirtqi ta’lim yetarli, deb o‘ylaydi. Aslida ta’lim-tarbiya bog‘chadan boshlanadi. Xorijiy davlatlarda aynan bolalar bog‘chalarida ishlovchi pedagoglarning oliy ma’lumotli bo‘lishi va malaka-tajribasi inobatga olinadi. Bizda sirtqi ta’limni yopish orqali shunchaki diplom uchun o‘qiyotgan pedagoglar faoliyatiga chek qo‘yilmoqda.

Bugun ta’lim olish uchun imkoniyatlar kengaymoqda. Sirtqi ta’lim o‘rniga masofaviy ta’lim yoki ochiq universitet tamoyili asosida uzluksiz ta’lim shakllarini rivojlantirish maqsadga muvofiq. To‘g‘ri, har qanday yangilik boshida qiyin tuyuladi, ammo vaqti kelib xorijiy davlatlar kabi bizda ham bunday ta’lim shakllariga ko‘nikma hosil bo‘ladi.

Xurshida Ernazarova tayyorladi.