SIUT ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar uchun Janubiy Koreyada ta’lim olish imkoniyatini yaratdi
Samarqand xalqaro texnologiya universiteti (SIUT) ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini qo‘llab-quvvatlash va ularga xalqaro ta’lim standartlari asosida bilim berish borasida xayrli tashabbuslarni davom ettirmoqda.
Bugungi kunda universitet va Janubiy Koreyaning nufuzli Gimcheon High School maktabi o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik ta’lim orqali ijtimoiy tenglikni ta’minlash va yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilayotgan eng muhim loyihalardan biriga aylandi.
Ushbu xalqaro loyiha doirasida «Temir daftar»ga kiritilgan oilalarning 30 dan ortiq iqtidorli farzandlari ichidan intellektual salohiyati yuqori bo‘lgan besh nafar o‘quvchi - Rabbim Ravshanov, Ozodbek Yo‘ldoshev, Mavlonbek Rabbimov, Umrbek Yo‘ldoshev va Shohimardon Sharofov saralab olindi. Ular universitet Vasiylik kengashi ta’sis etgan maxsus grant asosida sakkiz oy davomida matematika, ingliz va koreys tillari bo‘yicha intensiv tayyorgarlikdan o‘tdilar. KITC – Koreys tili va madaniyati markazida olib borilgan mashg‘ulotlar o‘quvchilarning nafaqat til bilimini oshirishga, balki xorijiy muhitga tez moslashishiga ham zamin yaratdi.
Bugungi kunda saralab olingan yoshlarning uch nafari — Rabbim Ravshanov, Ozodbek Yo‘ldoshev va Mavlonbek Rabbimov Janubiy Koreyada muvaffaqiyatli tahsil olib, til bilish darajasi va ijtimoiy faollikda yuqori natijalarni qayd etmoqda. Yaqin kunlarda esa Umrbek Yo‘ldoshev va Shoimardon Sharofov ham Janubiy Koreyaga jo‘nab ketishi kutilmoqda.
23 dekabr kuni SIUTda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ushbu loyihaning ilk yutuqlari sarhisob qilinib, kelgusida ijtimoiy ko‘makka muhtoj yoshlar qamrovini yanada kengaytirish va ta’lim orqali ularning istiqbolini ta’minlash ustuvor vazifa ekani yana bir bor ta’kidlandi.