Siyosiy partiyalarga saylovlarda qatnashishiga ijozat berildi

Bugun, 15 oktyabr kuni Xalqaro matbuot markazida Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Markaziy saylov komissiyasi a’zolari, siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari, OAV xodimlari ishtirok etgan yig‘ilish kun tartibiga 4 ta masala kiritildi.

2019 yil 10 oktyabrdan boshlab mamlakat siyosiy maydonida faoliyat olib borayotgan beshta siyosiy partiya vakolatli vakillari tomonidan Markaziy saylov komissiyasiga saylovchilar tomonidan siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishini qo‘llab quvvatlovchi imzolari qo‘yilgan imzo varaqalari taqdim etilgandi.

11-14 oktyabr kunlari imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganligini Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tuzilgan, tarkibiga MSKning doimiy asosda ishlovchi a’zolari - ichki ishlar va adliya organlarining xatshunos ekspertlari, mutaxassislari, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari jalb etilgan Ekspert guruhi tekshirib chiqdi va ijobiy xulosa berdi. Ushbu jarayonda siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari ham qatnashdi.

Yig‘ilishda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Ekspert guruhining ijobiy xulosalariga muvofiq «Siyosiy partiyalarga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovida qatnashishiga ijozat berish to‘g‘risida» qaror qabul qilindi.