Siyosiy sharh: Hayot va mamot chegarasida
Shu kunlarda ko‘pchilik Ukrainadagi notinchlik qachon poyoniga yetar ekan, degan savolga javob topa olmayapti. Nega desangiz, 2014 yildan boshlangan harbiy mojarolar mana, qariyb o‘n yildirki, o‘zining qonli yurishini to‘xtatmayapti.
Bu davr ichida yuzlab shahar va qishloqlar vayron qilindi, yuz minglab odamlar halok bo‘ldi yoki mayib-majruhga aylandi. Yana millionlab Ukraina fuqarolari vatanini tark etishga majbur bo‘ldi.
Bugungi kunda shunday bir vaziyat yuzaga keldiki, shaxmat o‘yinida buni pat holati, deyiladi. Ikki tomonning kuchi tenglashib, yuray desa, yo‘li yo‘q, o‘yinni tugatay desa, g‘olib aniq emas. Bunday holatda shaxmatchilar durangga rozi bo‘lib qo‘ya qolishadi. Ammo urush o‘yindan katta farq qiladi, o‘rtada yuz minglab odamlarning qoni to‘kilgan, tomonlar yana qancha kerak bo‘lsa, qurbon berishga tayyor turishibdi. Aytish mumkinki, ruslar ham, ukrainlar ham murosa qilishga ko‘nmayapti, ko‘nikolmayapti. Buning esa juda chuqur asoslari borligi ham sir emas. Aytaylik, Moskva egallangan hududlarni allaqachon o‘zining mulki qilib, konstitutsiyasiga kiritib qo‘ydi. Qizig‘i, hali to‘liq egallanmagan yerlar: Xerson va Zaporoje viloyatlari ham Rossiya xaritasiga qo‘shib qo‘yildi. Kiyev tomoni esa Kremlning bu kirdikorlarini ochiq sodir etilgan bosqinchilik, deb hisoblaydi va Ukrainaning 1991 yildagi chegarasini to‘liq tiklashga qattiq ahd qilgan.
Biz bu borada hakamlik qilish fikridan yiroqmiz, biroq xalqaro huquq me’yorlariga ko‘ra, Ukrainaning dunyo hamjamiyati tomonidan tan olingan chegaralari qanaqa holatda bo‘lmasin daxlsiz bo‘lishi shart. Umuman, XXI asrda yirik davlatlarning bosqinchilik urushlarini olib borishi aqlga sig‘maydigan hodisadir. Ko‘pchilik bu borada AQShni misol qilib ko‘rsatadi. Haqiqatan ham, Amerika yoki bu sabablarga ko‘ra chegaralaridan tashqarida ko‘p urushlar olib borgan. Farq shundaki, amerikaliklar dunyo hamjamiyatining talabiga ko‘ra, oxir-oqibat murosai madora yo‘lini tanlagan. Masalan, Vetnam, Iroq, Afg‘oniston singari mamlakatlardan do‘ppi tor kelganda, armiyalarini olib chiqib ketishgan. Kreml ma’murlari esa BMTda bir necha marta rezolyusiyalar qabul qilinganiga qaramasdan, bu ishga jazm eta olmayaptilar. Ma’lumki, Rossiya asrlar davomida bosqinchilik urushlarini olib borgan. Polsha, Finlandiya, Boltiqbo‘yi, Ukraina, Bessarabiya, Kavkaz, Qozog‘iston, O‘rta Osiyo, Sibir, Uzoq Sharq va Alyaska qonli janglar evaziga imperiyaga qo‘shib olingan. Keyingi asrlar davomida ularning ko‘pchiligi ozodlikka chiqib, mustaqil davlatlarga aylandi. Ammo ba’zi bir sabablarga ko‘ra, Ukrainaning imperiya changalidan chiqishi juda og‘ir kechmoqda.
Atoqli siyosatshunos Zbignev Bjezinskiyning qat’iy ishonchiga ko‘ra, Ukrainasiz Moskva imperiyani saqlab qola olmaydi. Taniqli rus yozuchisi, marhum, Soljenitsinning fikricha, imperiya Kavkaz va O‘rta Osiyosiz yashashi mumkin, biroq Ukraina va Qozog‘iston boy berilsa, rus saltanati barbod bo‘ladi. Ukraina urushi Moskva uchun shunchaki maxsus harbiy amaliyot emas, balki hayot-mamot masalasidir.
Shu joyda o‘rinli bir savol paydo bo‘ladi. Xo‘p, Ukraina Rossiyaning muammosi ekan, nega G‘arb dunyosi ularning ishiga aralashyapti? Buning sababi shundaki, asrlar davomida dunyoda hukm surgan avtoritar boshqaruv usuli g‘arb demokratik liberalizmiga o‘rin bo‘shatib berishni istamayapti. Ma’lumki, keyingi paytlarda o‘ng qanot kuchlarning sa’y-harakatlari bilan dunyoda liberal Yevropa qadriyatlariga birmuncha zaxa ketib, konservativ millatchilar bosh ko‘tarib qolishdi. Avtokratik Xitoyning iqtisodiyot sohasida erishgan yutuqlari o‘ng kuchlarni yanada ilhomlantirib yubordi. Hatto, AQSh kabi demokratiya shamchirog‘ida ham Tramp qiyofasida konservativ kayfiyatlar ochiq yuz ko‘rsatmoqda. Vaziyatning bunday tus olishi Putin singari o‘tgan asrlar kayfiyati bilan yashayotgan siyosiy arboblarni demokratik liberalizmga qarshi dadil harakatga undadi. Shu ma’noda, bugungi dunyoda yuz berayotgan noxush voqealarni demokratik boshqaruv usulining juz’iy nuqsonlari sifatida qabul qilish mumkin. Biroq buyuk ingliz siyosatchisi Uinston Cherchill iborasi bilan aytganda: “Demokratiya bo‘lmag‘ur boshqaruv usuli, ammo odamzod undan yaxshirog‘ini hali o‘ylab topganicha yo‘q”.
Bizga tarixdan ma’lumki, Rossiya va Xitoyda ham bir necha marta demokratik jamiyat barpo etishga urinishlar bo‘lgan. Ammo ularning hammasi muvaffaqiyatsizlik bilan tugagan. Gap Rossiya davlati haqida ketar ekan, uning keyingi ikki yuz yillik tarixidagi qat’iy bir davriylik kishini hayratlantiradi.
1825 yilda dekabristlar poytaxt Sankt-Peterburgdagi Senat maydonida qo‘zg‘olon ko‘tarib, davlat siyosatini isloh etishga da’vat qilishdi. 1865 yilda Qrim urushida mag‘lubiyatga uchragan chor Rossiyasi ichki siyosiy-iqtisodiy-ijtimoiy muammolarni hal qilish maqsadida Turkistonga bosqin uyushtirdi. 1905 yilda Birinchi rus inqilobi boshlanib, podshoh hokimiyatini ag‘darish uchun harakat boshlandi. 1945 yilda SSSR (Rossiya) Ikkinchi jahon urushida g‘alaba qozonib, yarim dunyoni o‘z ta’siri ostiga oldi. 1985 yilda sobiq sho‘ro ittifoqini isloh qilish maqsadida qayta qurish siyosati boshlandi.
Ko‘rinib turibdiki, ushbu tarixiy voqealarning sodir bo‘lishida 40 yillik qat’iy davriylik mavjud. Tarixning bunday tartibidan kelib chiqadigan bo‘lsak, 2025 yilda Rossiyada qandaydir yana bir muhim hal qiluvchi hodisa ro‘y berishi kutiladi. Voqealar oqimi shuni ko‘rsatmoqdaki, kelgusi o‘nyilliklar Rossiya imperiyasi uchun nihoyatda murakkab davr bo‘ladi. Hokimiyat tepasiga o‘ng radikal kuchlar chiqib, imperiyani oxirigacha parchalab tashlaydilar. Bizning fikri ojizimizga ko‘ra, tarixi va taqdiri g‘oyat chigal kechgan bu mamlakatda chinakam ijobiy o‘zgarishlar yana 40 yildan so‘ng – 2065 yilda boshlansa ajab emas.
Xudoyberdi KOMILOV, siyosiy sharhlovchi.