Siyosiy sharh: Tinchlik formulasi

Shu yilning 15-17 iyun kunlari Shveysariyada Umumjahon tinchlik sammiti o‘tkazilishi kutilmoqda. Unda 100 dan ortiq mamlakat rahbarlari yig‘ilib, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urushga chek qo‘yish yoki hech bo‘lmasa, tomonlarni sulhga rozi qilishga erishmoqchi.

Nazarimizda, bu vazifa benihoya og‘ir va kelishuv ehtimoli deyarli yo‘q. Nega desangiz, ziddiyatning ildizi juda chuqur va uzoq yillarga borib taqaladi. Hali sobiq ittifoq parchalanmasdan burun bu ikki davlat o‘rtasida jiddiy kelishmovchiliklar kelib chiqqan. 1991 yilning o‘rtalarida, ya’ni mart oyida bo‘lib o‘tgan sobiq SSSRni saqlab qolish haqidagi umumxalq referendumi asosida tuzilgan yangi ittifoq shartnomasi loyihasi tayyor bo‘lgach, Boltiqbo‘yi respublikalari bilan bir qatorda Ukraina ham yangi ittifoq shartnomasiga qo‘shilmasligini ochiq izhor qilgandi. Bu esa sho‘ro ittifoqining parchalanib ketishiga bosh omillardan biri bo‘lganligi tarixiy fakt.

Undan keyin, 2005 yilda Ukrainada yevropaparast firqalar hokimiyat tepasiga kelgach, Yevropada joylashgan mamlakatning Yevroittifoq sari qilayotgan harakati mantiq yuzasidan tamoman tushunarli bo‘ldi. Ammo buni imperiya tanazzulidan shundoq ham alamzada bo‘lib yurgan rus siyosiy elitasi mutlaqo hazm qilolmadi. To‘g‘ri, bu borada ular qandaydir qarshi choralar ko‘rishdi, hokimiyat tepasiga Kremlga moyil siyosiy kuchlarni chiqarishga intilishdi. Ammo bu bilan xalq orasidagi umumiy erkinlik kayfiyatini yo‘qota olmadi. Oqibatda u yerda 2014 yilning ma’lum va mash’um voqealari ro‘y berdi. Moskvadagi qudratli kuchlar sa’y-harakati bilan hokimiyat tepasiga «chiqarilgan» prezident Viktor Yanukovich mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo‘ldi. Undan keyingi voqealar hammamizga yaxshi ma’lum: Ukraina katta qonli urush girdobiga tortildi.

Shu o‘rinda savollar paydo bo‘ladi: berilayotgan shunday katta qurbonlar va moddiy yo‘qotishlarga qaramasdan, Rossiya tomoni bu urushga nega kundan kunga katta resurslarni tashlamoqda? Xalq xo‘jaligi nega asta-sekin harbiy izga solinmoqda? Butun mamlakat Ukrainadagi urush g‘alabasi uchun ishlamoqda.

Atoqli yozuvchi Aleksandr Soljenitsin o‘z vasiyatnomasida Ukraina va Belarus imperiyaning tayanchi ekanligi, ularning birortasi qo‘shilmasa, rus davlatchiligi tanazzulga yuz tutishi haqida qat’iy ogohlantirgan edi. U oxirgi maqolalarida Ukraina Rossiya uchun Kavkazdan ham muhimroq ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlab, Moskva qachondir Ukraina, Belorussiya va Shimoliy Qozog‘istonni o‘z tasarrufiga olishi lozimligi haqida yozgandi.

Amerikalik siyosatshunos Zbignev Bjezinskiy ham «Katta shaxmat taxtasi» asarida Rossiya Ukrainasiz o‘zining imperiyalik maqomini boy berishi ehtimoli to‘g‘risida ochiq fikr bildirgan. Vladimir Putin ham rus va ukrainlar bitta xalq ekanligi, Ukrainani Rossiyasiz tasavvur qilib bo‘lmasligi haqida gapirib, G‘arb dunyosini ushbu ikki xalqning ichki ishlariga aralashmaslikka chaqirgandi. Ammo katta og‘aning imperialistik kayfiyatidan cho‘chigan ukrainaliklar tobora Moskvadan uzoqlasha boshladi. Ana shundan so‘ng Kreml vaziyat jiddiy ekanligini anglab, 2014 yil bahorida ko‘proq rus tilli aholi yashaydigan Qrim avtonom respublikasini urush-to‘polonsiz, osongina Rossiyaga qo‘shib oldi. Bunga Ukraina armiyasining passiv munosabati va dunyo hamjamiyatining beparvoligi Putin hokimiyatini yana dadil harakatlarga ilhomlantirdi. Shu yili iste’fodagi mayor Igor Girkin rahbarligi ostida yuzga yaqin ko‘ngilli sobiq harbiy xizmatchilar ayirmachilik kayfiyati kuchli bo‘lgan Donetsk oblastiga kirib, qo‘poruvchilik harakatlarini uyushtirdilar.

Endi ancha hushyor tortgan Ukraina armiyasi harbiy amaliyot boshlab, ularga qarshilik ko‘rsatishga urindi. Biroq Moskvaning harbiy yordami bilan ayirmachilar Donetsk va Lugansk viloyatlarining bir qismini egallab olishga erishdi. Ukraina armiyasi og‘ir talafotlar berib, chekinishga majbur bo‘ldi. Shundan so‘ng sakkiz yil davomida Moskva muzokaralar yo‘li bilan Ukrainada rossiyaparast ikki anklav yaratishga urindi. Ammo Minsk shartnomalari har ikki tomondan ham bajarilmaganligi oqibatida muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Kiyevning qaysarligidan g‘azablangan Kreml 2022 yil 24 fevral kuni maxsus harbiy amaliyot deya nomlangan, aslida keng miqyosdagi bosqinchilik urushini boshladi. Harbiy hujum Qora dengizdan Belarusgacha bo‘lgan bir necha ming kilometrlik front bo‘ylab ayni sahar chog‘i boshlandi. Maqsad: yashin tezligidagi marsh-hujum bilan qisqa muddatda Kiyevni egallash va u yerda yangi qo‘g‘irchoq hukumatni tiklash edi. Biroq bu gal omad Putindan yuz o‘girdi. Avvalgi xatolardan xulosa chiqargan ukrain armiyasi hamda qurollangan xalq lashkarlari bosqinchilarga jiddiy qarshilik ko‘rsatdi va dushmanni orqaga chekinishga majbur etdi.

Oqibat shu bo‘ldiki, nari borsa, bir oyga mo‘ljallangan harbiy amaliyotning uchinchi yildirki, oxiri ko‘rinmayapti. Hozirgi vaziyatda ma’lum sabablarga ko‘ra, Rossiya armiyasi hujumkorlik qobiliyatini yo‘qotib ulgurdi. Ukraina esa rus armiyasini chekinishga majbur etuvchi kuchga ega emas. "Reuters" axborot agentligining Rossiya prezidentiga yaqin bo‘lgan manbalariga tayanib xabar berishicha, Putin Ukrainadagi urushni hozirgi front chizig‘ida «muzlatish»ga tayyor. Uning fikricha, hozirgi front chizig‘ini tan oladigan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar yo‘li bilan urushni tinchitish mumkin. Bunda sulhning koreys varianti tanlanib, o‘rtada chegara chizig‘i tortilishi mo‘ljallangan. Bu xildagi yarashuv usuli o‘tgan asrning 50-yillarida Koreyada joriy etilib, Shimol bilan Janub orasida sulh tuzilgandi. Lekin tarix tajribasi hamma holatlarda ham birdek qo‘l kelavermaydi.

Bugungi vaziyatda Ukrainada bu borada bitta kuchli dastak mavjud. U ham bo‘lsa, Qrim yarimoroli masalasi. Chunki Qrim azaldan bahsli hudud bo‘lib, bir necha marta qo‘ldan qo‘lga o‘tib kelgan. Hozir ham u yerda Rossiyaning harbiy qo‘shinlari ko‘p bo‘lishiga qaramasdan, Ukraina qattiq bosim o‘tkazsa, vaziyat keskin o‘zgarib ketishi mumkin. Masalan, bugungi kungacha Qora dengiz flotining uchdan bir qism kemalari safdan chiqarildi. Qrimdagi quruqlik kuchlariga ham kundan kunga qaqshatqich zarbalar berilmoqda. Agar Qrim qo‘ldan ketsa, logistik inshootlarni mustahkamlash yoki Odessani, Dnestrbo‘yini zabt etib, Rossiyaga qo‘shib olish singari shirin orzular ham sarobga aylanadi. Shu bois bo‘lsa kerak, Qrimdan e’tiborni chalg‘itish maqsadida Kreml Ukrainani Rossiya va Belarus chegaralarida urushishga majbur etmoqchi bo‘lyapti. Keyingi vaqtda Xarkov frontidagi janglarning kuchayib borayotganini ana shu omil bilan izohlash mumkin. Bunda rossiyaliklar uchun G‘arb mamlakatlarining passiv siyosati ham juda qo‘l kelmoqda. Ukraina ittifoqchilarning betayinligi tufayli o‘zini himoya qilishga juda qiynalmoqda. AQSh va boshqa G‘arb davlatlarining Rossiya hududiga Ukrainaga yetkazib berilgan qurollar bilan zarba berishni taqiqlashi Kiyevning Xarkov viloyatini himoya qilish qobiliyatiga jiddiy putur yetkazdi, deb yozadi Amerika urushni o‘rganish instituti tahlilchilari. Tahlilchilarning fikrlariga ko‘ra, ushbu cheklovlar Rossiyaning chegara hududlarida himoyalanish imkonini kuchaytirgan. Bu joylardan rus harbiy uchoqlari Ukrainadagi strategik nishonlarga faol hujum uyushtirmoqda ekan. Qizig‘i shundaki, Amerika prezidenti Ukraina o‘zi ishlab chiqargan qurollar bilan ham Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga va terminal omborlarga hujum qilmaslikni talab qilib so‘ramoqda. Bu dunyo miqyosida neft narxining ko‘tarilishi, alaloqibat AQSh iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazar emish.

«Echkiga jon, qassobga moy qayg‘usi» deb balki shunga aytishsa kerak. Bundan avvalroq ham AQSh rasmiylari Rossiya hududidagi nishonlarga zarba berish uchun Ukrainaga yetkazib berilgan Amerika qurollaridan foydalanishni qo‘llab-quvvatlamasliklarini ma’lum qilgandi. Ulardan farqli o‘laroq, Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Grant Shepps uning mamlakati yuborgan qurollar bilan Qrimga zarba berishga ruxsat bergandi. Chunki xalqaro huquq me’yorlariga ko‘ra, yarimorol Ukrainaning bir qismi hisoblanadi.

Bu borada Boltiqbo‘yi mamlakatlari va Polshaning mo‘ljallari tamoman boshqacha. Ular agar Rossiya qo‘shinlari G‘arbning sust yordami tufayli sharqiy frontda jiddiy muvaffaqiyatga erishsa, Ukrainaga qo‘shimcha harbiy kuchlarni yuborishni istisno qilmayapti. Avvalroq Fransiya prezidenti Makron ham shunga o‘xshash fikrni bildirgan edi. Bu haqda "Der Spiyegel" gazetasida chop etilgan maqolada yozilishicha, yaqinda Tallin shahrida bo‘lib o‘tgan konferensiya arafasida Boltiqbo‘yi mamlakatlari deputatlari Germaniya vakillarini Ukrainaga yordamning sustligi oqibatlari haqida ogohlantirgan.

«Agar G‘arb Kiyevga beparvolik bilan sust yordam berayotganligi natijasida Rossiya Ukraina sharqida strategik muvaffaqiyatga erishsa, vaziyat sezilarli darajada yomonlashishi mumkin. Bunday holatda Latviya, Litva, Estoniya va Polsha rus qo‘shinlari o‘z chegaralariga kelguncha kutib o‘tirmaydi, ular o‘z qo‘shinlarini Ukrainaga jo‘natadi», deyiladi maqolada. Bundan ma’lum bo‘ladiki, urush harakatlari xalqaro miqyos kasb eta boshlaydi va jahon urushiga aylanib ketish ehtimoli har qachongidan kuchayadi. Ana shunda Rossiya uchun G‘arb dunyosi shu paytgacha hayiqib kelgan voqea - yadro qurolini qo‘llashdan o‘zga chora qolmaydi.

Shu ma’noda, Amerika tomoni Putinni agar atom quroli qaysi ko‘rinishda bo‘lmasin, Ukrainada qo‘llansa, Rossiya armiyasi NATO tomonidan oddiy qurollar yordamida batamom yo‘q qilib tashlanishi haqida jiddiy ogohlantirdi. Biroq siyosiy ekspertlarning fikricha, Putin bunday qaltis qadam qo‘yishga jur’at etolmaydi. Nega deganda, bu harakat rus davlatchiligining barbod bo‘lishi bilan yakunlanishi mumkin. Shu bois bo‘lsa kerak, rus rasmiylari Xarkovni egallashdan tiyilib, qandaydir sanitariya zonasini yaratish uchun tinchlik muzokaralarini boshlashga hozir bo‘lib turibdi. Ammo bu borada har ikki tomonning tinchlik formulasi tamoman o‘zgacha. Masalan, Ukraina Rossiya qo‘shinlarini 1991 yilgi chegaralardan tashqariga olib chiqib ketilishini istaydi. Rossiya tomoni esa bosib olingan hududlardan umuman chiqib ketmoqchi emas. Aksincha, yangi-yangi hududlarni zabt etishga tirishmoqda. Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskovning bildirishicha, Rossiya maxsus harbiy amaliyotni barcha maqsadlarga erishmaguncha davom ettiradi. Bu jabhada aytarli natijalarga erishilmagach, rus ma’murlari gibrid jangning har turli yo‘llarini o‘ylab topmoqda.

Masalan, yaqinda radio-elektron usul bilan Boltiqbo‘yi respublikalarida fuqaro aviatsiyasi harakatlariga xalaqit berishga urinish bo‘ldi. Natijada samolyotlar havoga ko‘tarila olmay, jiddiy muammolar yuzaga keldi. Shu orada Rossiya mudofaa vazirligi Boltiq dengizi bo‘ylab o‘tuvchi davlat chegaralarini vujudga kelgan yangi siyosiy voqelikka ko‘ra qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi. Bu esa NATOga a’zo davlatlar bilan munosabatlarni yanada taranglashtirdi. Putinning oxirgi iddaosi bo‘yicha Ukraina prezidentining vakolat muddati tugagani bois Zelenskiy ortiq davlat boshlig‘i hisoblanmaydi. Urush holatida turgan mamlakatda saylov o‘tkazishning iloji bor-yo‘qligi haqida gapirishning esa o‘zi ortiqcha.

Fikri ojizimizga ko‘ra, bularning barchasi maqola boshida aytib o‘tganimiz - chaqirilajak Umumjahon tinchlik sammitini obro‘sizlantirishga qaratilgan tashviqotdan boshqa narsa emas. Yana shunisi ham aniqki, global tinchlik muammolariga bag‘ishlangan sammitdan raqib tomonlar ishtirokisiz natija chiqarish mushkul. Shu ma’noda, ushbu yirik xalqaro anjumanga Rossiya Federatsiyasi ham taklif etilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Xudoyberdi Komilov,

siyosiy sharhlovchi.