“Siz pul mukofoti yutib oldingiz!” Internet-firibgarga sud hukmi o‘qildi
Navoiy viloyati Xatirchi tumani sudining ochiq sud majlisida ijtimoiy tarmoqlar orqali “Pul mukofoti yutib oldingiz” deb fuqarolarni aldagan firibgarga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Xatirchi tumani sudining sudyasi Habibulla To‘xtayev zarnews.uz’ga ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, 1999 yilda tug‘ilgan Q.A. xavfli retsedivist bo‘lib, o‘zi ochgan “Agrobank INFO (bot)" nomli telegramm guruhi orqali firibgarlikni amalga oshirgan.
Joriy yil 11 iyun kuni ushbu telegramm guruhiga a’zo bo‘lgan J.R.ga 500 ming so‘m pul yutug‘i mavjudligi to‘g‘risida soxta ma’lumot yozib, o‘ziga tegishli bo‘lgan plastik kartasi raqami va maxfiy kodini yuborishi lozimligini, ushbu plastik karta raqamiga pul ko‘chirib berilishini aytgan. Aldovga ishongan J.R. tanishining plastik karta ma’lumotlarini tashlab bergan.
Bu karta ma’lumotlari orqali firibgar undagi 3 million so‘mga yaqin pulni shaxsiy plastik kartasiga o‘tkazib olgan.
Sud A.Q.ga ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda uzil-kesil 2 yilu 10 oy axloq tuzatish ishi jazosi tayinladi. Fuqaro J.R.ga yetkazilgan zarar undirib berildi.