Sizda to‘lov qobiliyatini yo‘qotgan 50, 100, 200, 500 so‘mlik banknotlari bormi? Ularni amaldagi pul belgilariga almashtirib oling

Markaziy bankning eski namunadagi to‘lov qobiliyatini yo‘qotgan 50, 100, 200, 500 so‘mlik banknotlari hamda 50 so‘mlik va 100 so‘mlik tangalarni amaldagi pul belgilariga almashtirib olishingiz mumkin.

2020 yil 1 iyuldan 200 va 500 so‘mlik banknotlar qonuniy to‘lov vositasi sifatida o‘z kuchini yo‘qotgan. Shuningdek, ushbu banknotlarni amaldagi pul belgilariga almashtirib olish Markaziy bank boshqaruvining 2022 yil 29 yanvardagi 2/10-sonli qaroriga asosan 2023 yil 1 yanvar etib belgilangan edi.

Bugungi kunda fuqarolar tomonidan to‘lov qobiliyatini yo‘qotgan ushbu nominaldagi banknotalarni almashtirib olish yuzasidan murojaatlarning kelib tushayotganligi sababli, Markaziy bank boshqaruvining 2023 yil 3 iyundagi 15/6-sonli qaroriga asosan eski namunadagi 50, 100, 200 va 500 so‘mlik banknotlarni hamda 50 va 100 so‘mlik tangalar Markaziy bankning hududiy bosh boshqarmasining Hisob-kitob kassa markazlari tomonidan amaldagi pul belgilariga almashtirib beriladi.

Biz bu xabar e’lon qilingach, samarqandlik fuqarolarga bu borada qanday yengillik yaratilishi mumkinligi haqida Markaziy bankning Samarqand viloyati bosh boshqarmasi bilan bog‘landik.
Boshqarma mas’ullari boshqarmaning Hisob-kitob kassa markazining manzilini aytishdi: Samarqand shahar Shohrux ko‘chasi 19-uy.

Lokatsiya: https://goo.gl/maps/jDDahm4Rc6ye4yecfPA

Qo‘lida eski namunadagi 50, 100, 200, 500 so‘mlik banknotlari hamda 50 so‘mlik va 100 so‘mlik tangalari bo‘lgan fuqarolar ushbu manzilga borib, ularni amaldagi pul belgilariga almashtirib olishlari mumkin.