“SMART MAHALLA” - mahallada jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashishda samarali dastur
Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, polkovnik Najmiddin To‘raxo‘jayev Samarqandda “SMART MAHALLA” dasturi taqdimoti oldidan xodimlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Ushbu loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 26 martdagi “Jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmonida 2021 yil 1 iyunga qadar Toshkent va Samarqand viloyatlarida, joriy yilning yakunigacha esa respublikaning boshqa hududlarida ishga tushirilishi belgilangan.
Dastur profilaktika inspektoriga masofadan turib murojaat yuborish va uni ko‘rib chiqish jarayonini kuzatib borish, aholi bilan o‘zaro tezkor muloqotni yo‘lga qo‘yish, profilaktika inspektorlari va sektor rahbarlari faoliyatiga baho berish, hududda jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish va sodir bo‘lgan jinoyat hamda huquqbuzarliklarga nisbatan o‘z vaqtida chora ko‘rish, fuqaro hamda mahalla profilaktika inspektori o‘rtasidagi to‘siqlarni bartaraf qilib, fuqarolarni profilaktika inspektoriga va mahallaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilishlarining imkonini yaratadi.
Bundan tashqari, aholini mahalladagi, qonunchilikdagi va boshqa yangiliklardan xabardor qilish, aholi tomonidan profilaktika inspektori va mahalla raislarining ishini baholashni, shuningdek, hududda sodir qilingan jinoyat va huquqbuzarliklar bo‘yicha jamoatchilik fikrini bilish va uni tahlil qilishni nazarda tutadi.
Vazir o‘rinbosari ushbu loyihaning ishga tushirilishi hududlarda jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida o‘z samarasini berishini ta’kidladi.
Samarqand viloyati IIB axborot xizmati.