Sobiq shifoxona o‘rnida kichik sanoat zonasi tashkil etiladi

Bugun kanalimizda e’lon qilingan “Urgutlik Don Kixotlar” nomli maqola yuzasidan Urgut tumani hokimligi munosabat bildirdi.

Unda jumladan, shunday deyiladi:

“Samarqand viloyati Urgut tumani Jo‘raptepa mahallasida joylashgan 3-son (sobiq “Ibn Sino” nomli) shifoxona binosi 1998 yilda texnik inventarizatsiyadan o‘tkazilgan. Texnik hujjatlarga ko‘ra, shifoxonaning umumiy yer maydoni 4,4 gektar, qurilish osti yer maydoni 3208,17 kv.metrni tashkil etgan. Mazkur shifoxona binosi bugungi kunga qadar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan.

2016 yilda 3-son (sobiq “Ibn Sino” nomli) shifoxona maqbullashtirilgan (optimizatsiya qilingan) bo‘lib, 0,58 gektar yer maydoni tuman tibbiyot birlashmasi ixtiyorida qoldirilgan. Qolgan qismi (980 kv.metr bino va foydalanilmay bo‘sh turgan 2,5 gektar yer maydoni) esa tuman hokimining 2018 yil 20 dekabrdagi qaroriga asosan, tuman hokimligi zahirasiga olingan.

Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining 2021 yil 28 maydagi “Samarqand viloyatida yangi kichik sanoat zonalari tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Jo‘raptepa mahallasida joylashgan sobiq “Ibn Sino” nomli shifoxonaga qarashli, tuman hokimligi zahirasida bo‘lgan 2,7 gektar yer maydonida “Kichik sanoat zonasi” tashkil etish belgilangan hamda mazkur yer maydonlari belgilangan tartibda auksion savdolariga chiqarilgan.

Shuningdek, Urgut tumani hokimining 2019 yil 31 dekabrdagi qaroriga asosan, sobiq “Ibn Sino” nomli shifoxonaga qarashli, tuman hokimligi zahirasida bo‘lgan 35 sotix yer maydoni 100 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi qurish uchun tadbirkorga ajratib berilgan. 33 sotixdan iborat suv minorasi joylashgan yer maydoni tuman hokimligi zahirasi hisobida qoldirilgan.

Jo‘raptepa mahallasidagi 37-Jozmon oilaviy poliklinikasi 2017 yilda tashkil etilgan. Hozirgi kunda mazkur poliklinika 3-oilaviy poliklinika sifatida faoliyat yuritmoqda.

2023 yilda poliklinika hududidagi bo‘sh turgan bino bo‘yicha mahalla tashabbuskorlari tomonidan loyiha taklifi kiritilib, “Ochiq byudjet” dasturi doirasida g‘olib deb topilgan. “Yagona buyurtmachi xizmati” DUK buyurtmasiga asosan, pudratchi tashkilot “Komunal Qurilish BB” MChJ tomonidan loyiha qiymati 1,25 mlrd. so‘m miqdorida ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan. Biroq mablag‘ yetishmasligi sababli qurilish-ta’mirlash ishlari to‘xtab qolgan.

Hozirda qurilish ishlarini yakunlash maqsadida loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan bo‘lib, qo‘shimcha mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.

Ayni paytda 3-son oilaviy poliklinikaning 100 qatnovli binosi faoliyat yuritmoqda

Urgut tumani hokimligi,

Tuman qurilish bo‘limi”.