Sog‘liqni saqlash sohasi og‘ir judolikka uchradi

Samarqand davlat tibbiyot instituti 1-klinik shifoxonasi bosh shifokori Nurmamat Abdullayev vafot etdi.
N.Abdullayev 1945 yil 12 aprelda Xorazm viloyati Xiva shahrida tug‘ilgan. 1967 yilda Samarqand davlat tibbiyot institutini imtiyozli tamomlab, ushbu oliy o‘quv yurtida turli lavozimlarda faoliyat yuritdi. 1993 yildan shu kunga qadar Samarqand davlat tibbiyot instituti 1-klinik shifoxonasi bosh vrachi lavozimida uzluksiz va samarali ishladi. Uning rahbarligida klinika faoliyatida tub ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirildi.
N.Abdullayev mahoratli rahbar bo‘lish bilan birga, katta klinik tajriba va chuqur bilimga ega vrach-terapevt sifatida og‘ir ahvoldagi bemorlarni ratsional davolash orqali minglab kasallarni hayotga qaytarishga munosib hissa qo‘shgan. O‘zining insonparvar, xalqparvarligi tufayli jamoatchilik o‘rtasida katta hurmat va e’tiborga sazovor bo‘ldi. Mehribon ota, oilaparvar inson sifatida 4 farzandni tarbiyaladi.
N.Abdullayev davlatimiz rahbarining farmoni bilan “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi” faxriy unvoni hamda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan.
“Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari birlashgan tahririyati jamoasi Samarqand davlat meditsina instituti 1-klinik shifoxonasi bosh shifokori Nurmamat Abdullayevning vafoti munosabati bilan uning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.