Sohibqironning harbiy san’ati rus sarkardalariga o‘rgatilgan

Aynan Sohibqiron hukmronligi davrida o‘zbek davlatchiligi tarixiga eng yorqin sahifalar bitildi. U vayron bo‘lgan shaharlarni tikladi, hunarmandchilik, savdo-sotiq va ziroatchilikning rivojlanishiga shart-sharoit yaratib berdi. Natijada mamlakatda ilm-fan va madaniyat misli ko‘rilmagan darajada rivojlandi.
Faoliyati davomida "Kuch - adolatda" shioriga amal qilgan Amir Temur davlatni boshqarishda aholining barcha tabaqalariga suyandi. O‘zidan oldin o‘tgan hukmdorlardan farqli ilm-fan, madaniyat va san’at fidoyilariga homiylik qildi. Islom ma’naviyatining ahamiyatini chuqur anglagan holda Najmiddin Kubro, Ahmad Yassaviy, Bahovuddin Naqshband tariqatlarini keng targ‘ib etishga bel bog‘ladi.

Sohibqiron xislatlari haqida o‘sha davr muarrixlari Abdurazzoq Samarqandiy, Xondamir, Nizomiddin Shomiy, Sharafiddin Ali Yazdiy va boshqalarning asarlarida muhim tarixiy ma’lumotlar keltirilgan. Ammo ushbu manbalarning barchasida ham Temur shaxsi va faoliyatiga xolisona baho berilgan, deb bo‘lmaydi.
Masalan, fors va arab manbalarida, jumladan, Ibn Arabshoh asarlarida Amir Temur shaxsi qoralangan va u Temurlang, ya’ni "Temur oqsoq" deb atalgan. Keyin esa rus va Yevropa manbalarida Sohibqiron "Temurlang" nomi bilan atala boshlandi. Aslida Amir Temur 1362 yilda "jeta" – mo‘g‘ullarga qarshi kurashda oyog‘i va qo‘lidan jarohatlangan. Qo‘li tuzalgan, ammo oyog‘i bir umr oqsoq bo‘lib qolgan.

Chor Rossiyasi va bolsheviklar Amir Temurning harbiy san’atini o‘rganishga qiziqqan va uni hurmat qilishgan. Misol uchun, 1875 yilda Sankt-Peterburgda rus zobiti M.Ivanin "Mo‘g‘ul-tatarlar va O‘rta Osiyo xalqlarining Chingizxon va Amir Temur davridagi harbiy san’atlari va istilolari" asarini chop ettirgan. Asarda Amir Temur shaxsi, harbiy san’ati, jahon tarixidagi o‘rniga haqqoniy baho berilgan. 1918 yilda bolsheviklar tashkil etgan "Qizil komissarlar kursi"da Amir Temurning harbiy san’ati alohida o‘rganildi. Bu kursda tahsil olgan Mixail Frunze, Arkadiy Gaydar kabi sarkardalar Amir Temur shaxsi va harbiy mahoratini alohida hurmat qilgan va har ikkisi ham to‘ng‘ich o‘g‘illariga Temur, deb ism qo‘ygan.

Ammo sovet davlatida kommunistik mafkuraning yakka hukmronligi, rus shovinizmi kuchaygan davrda tarix xulosalarining mafkuraga xizmat qilishi kuzatildi. Oqibatda sobiq ittifoq tarixshunosligida Amir Temur tarixi soxtalashtirilib, uning shaxsi qoralandi. Kitoblarda esa Sohibqiron askarlarining Moskva atrofiga yetib borganligi xususida "Mo‘g‘ul-tatarlar Moskvani qamal qildi", – deb yozishgan. Aslida Temur askarlari To‘xtamishxonni tor-mor qilib, rus yerlarini mo‘g‘ul istilosidan ozod etganidan keyingina Moskva atrofida paydo bo‘lgan edi. Afsuski, bu haqiqat Rossiya matbuotida 1995 yildagina yozildi.

Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, sovetlar davrida Amir Temur shaxsi qanchalik qoralanmasin, uning faoliyatini xolisona yoritishga harakatlar bo‘lgan. Bu borada taniqli olim Ibrohim Mo‘minovning "Amir Temurning jahon tarixida tutgan o‘rni va roli" asari muhim ahamiyatga ega. Ammo olim bu asari uchun sobiq ittifoq partiya rahbarlari tomonidan tanqid ostiga olindi.

Mustaqillikkacha bo‘lgan davrda Amir Temur qiyofasini tasvirlashda ham xolisona yondashilmadi. U rasmlarning birida mo‘g‘ulga, ikkinchisida hindga, uchinchisida boshqa millat vakiliga o‘xshatib tasvirlandi. Ko‘pchiligimiz Sohibqironni antropolog-haykaltarosh M.Gerasimov yaratgan qo‘rqinchli byust orqali tasavvur qilardik, xolos.
Mustaqillik yillari Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan Amir Temur shaxsi va faoliyatini o‘rganishga alohida ahamiyat berildi. 1993 yil Toshkentda Amir Temurning haykali o‘rnatildi. 1996 yil Sohibqironning 660 yilligi dunyoda va mamlakatimizda keng nishonlandi. Samarqand va Shahrisabz shaharlarida haykali qad rostladi. Shuningdek, poytaxtimizda Temuriylar tarixi davlat muzeyi ochildi, ko‘plab ilmiy va badiiy asarlar yaratildi.

Hozir ham Sohibqiron Amir Temurdek o‘lmas siymolarimiz nomini abadiylashtirish, ular merosini o‘rganib, kelajak avlodga yetkazishda qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 5 iyuldagi "Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida"gi Farmoniga asosan, mamlakatimizning barcha harbiy akademik litseylariga "Temurbeklar maktabi" nomi  berildi.

Alisher TOYIROV,
Samarqand qishloq xo‘jaligi instituti dotsenti,
Shahzod AHMEDOV,
o‘qituvchi.