Soliq boshqarmasi boshlig‘i bulung‘urlik yosh kitobxon va sportchilarni rag‘batlantirdi

Bulung‘ur pedagogika va sport kollejida Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Shodiyor Ahmedovning yoshlar bilan bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar, mamlakatimizda yosh avlodning har tomonlama yetuk shaxs etib voyaga yetishi borasida amalga oshirilayotgan ishlar, soliq sohasida hayotga tatbiq qilinayotgan islohotlar xususida so‘z yuritildi.

Muloqot shaklida o‘tkazilgan uchrashuvda bulung‘urlik yoshlar turli sohalar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Jumladan, ichki yo‘llarni, tumandagi markaziy kutubxonani ta’mirlash, “Yoshlar kutubxonasi” kitob fondini kengaytirish, sport anjomlarini yetkazib berishda amaliy ko‘mak ko‘rsatish, yo‘lga svetofor o‘rnatish va boshqa bir qator masalalar bo‘yicha murojaatlar tinglandi.

– Viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i bilan uchrashuv biz, yoshlar uchun juda foydali bo‘ldi, – deydi tumandagi 46-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Farangiz Rahmatullayeva. – Tadbirda o‘zimiz uchun foydali ma’lumotlarni oldik. Jumladan, yurtimizda yosh avlodga yaratilayotgan sharoitlar, soliq sohasidagi yangilik va o‘zgarishlar bo‘yicha atroflicha tushunchalarga ega bo‘ldik. Muhimi, bu kabi tadbirlar yurt taqdiriga daxldorlik hissi bilan voyaga yetishimiz, o‘z oldimizga aniq maqsadlar belgilab olishimizda muhim o‘rin tutadi.

Tadbirda taekvondo (WTF) bo‘yicha mamlakatimiz va xalqaro miqyosdagi musobaqalarda salmoqli yutuqlarni qo‘lga kiritib kelayotgan bir guruh sportchilar faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi. Shuningdek, uchrashuvda faol qatnashgan o‘quvchilarga kitoblar tuhfa qilindi.

Umid ALIMOV,

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati xodimi.