Soliq stavkasi mulkning kadastr qiymatiga nisbatan belgilanadi
A.DAVRONOV,
Ishtixon tumani.
– Joriy yilda jismoniy shaxslar tomonidan to‘lanadigan mol-mulk solig‘i stavkalarida o‘zgarishlar kuzatildi. Chunonchi, 2017 yilda soliq stavkasi inventarizatsiya qiymatiga nisbatan belgilangan bo‘lsa, 2018 yilda kadastr qiymatiga nisbatan belgilandi. Bunda jismoniy shaxslarning mol-mulk solig‘i kadastr hujjatlari bo‘yicha 42 million so‘mdan kam bo‘lmagan kadastr qiymatiga nisbatan hisoblanadi. Turarjoylar, kvartiralar, dala hovli qurilmalari (umumiy maydoni 200 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgani bundan mustasno), boshqa imoratlar, xonalar va inshootlar uchun kadastr qiymatiga nisbatan soliq stavkasi 0,2 foizni tashkil etadi. O‘tgan yili bu stavka 1,7 foiz edi.
Shaharlarda joylashgan turarjoy va kvartiralar uchun to‘lanadigan soliqlar stavkalari ham o‘zgardi. Jumladan, 200 kvadrat metrdan ortiq va 500 kvadrat metrgacha bo‘lgan turarjoy va kvartiralar uchun soliq stavkasi 0,25 foiz etib belgilangan. Vaholanki, bir yil muqaddam bu 2,1 foiz edi.
Umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan turarjoy va kvartiralar uchun to‘lanadigan mol-mulk solig‘i stavkasi 0,35 foizni tashkil qildi. 2017 yilda ushbu soliq stavkasi 2,9 foiz bo‘lgan.
Savolga viloyat davlat soliq boshqarmasi davlat soliq inspektori Umid ALIMOV javob berdi.