Soliq xodimi cho‘kayotgan bolani qutqardi

Joriy yilning 22 noyabr kuni 15:30 lar atrofida Buxoro viloyati Romitan tumani davlat soliq inspeksiyasi inspektori Sunnat Jumayev hamkasbi Xusniddin Xayriddinov bilan tumanning Alisher Navoiy mahalla fuqarolar yig‘ini hududiga jismoniy shaxslarning soliq qarzini undirish uchun boradi.

DSI xodimlari «Xayrobod» kanali yonidan o‘tib ketayotganlarida cho‘kayotgan yosh bolani ko‘rib qoladilar. Sunnat Jumayev zudlik bilan mashinani to‘xtatib, hech ikkilanmay yordam berish maqsadida o‘zini suvga otadi. Havo harorati 2 daraja sovuq bo‘lishiga qaramay, Sunnat Jumayev cho‘kayotgan bolani qutqarish uchun muzli suvga sho‘ng‘iydi.

Bolani qirg‘oqqa olib chiqadi, sovqotgan bo‘lsa-da, bola hali tirik edi. Kanal atrofida yig‘ilgan aholi vakillari bolani tanib, zudlik bilan kiyimini almashtirish va isinib olishi uchun uyiga olib ketadilar.

Aniqlanishicha, qutqarib qolingan bola Shahrombek Zaripov bo‘lib, u Romitan tumanidagi 1-umumta’lim maktabining 3-sinfida o‘qiydi. O‘sha kuni u o‘qishdan qaytayotgan mahal suv solingan idishini (termosini) to‘satdan kanalga tushirib yuboradi.

Uni olish ilinjida bola tez oqayotgan, past haroratli suvga tushib, to‘g‘ri harakatlana olmaydi. Shu vaqtda soliq xodimi uni qutqarish uchun yordamga oshiqadi.

Shahrombekning yaqinlari o‘z farzandining hayotini saqlab qolgani uchun Sunnat Jumayevga cheksiz minnatdorchilik bildirdi. Hozirda bola o‘zini yaxshi his qilib, sog‘lig‘iga hech qanday zarar yetmagan.

Davlat soliq qo‘mitasining buyrug‘iga asosan Sunnat Jumayevga ko‘rsatgan jonbozligi uchun soliq xizmatining I darajali inspektori unvoni navbatdan tashqari taqdim etildi.

Davlat soliq xizmati xodimining qahramonlarcha xatti-harakati chuqur hurmat va ehtiromga munosib!