Soliqchilar issiqxona faoliyati bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlarga ko‘mak bermoqda

Prezident rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksportini ko‘paytirish, yangi zaxira va imkoniyatlarni ishga solish, shu jumladan issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Shundan kelib chiqib, Soliq qo‘mitasida tuzilgan ishchi shtabi issiqxona xo‘jaliklaridagi muammolarni o‘rganib, amaliy yordam ko‘rsatishga kirishdi. Bugun Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev Kattaqo‘rg‘on va Past Darg‘om tumanlaridagi issiqxonalarda bo‘lib, amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Xususan, issiqxonalardagi mavjud imkoniyatlar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish hajmlari, eksport salohiyati va ish o‘rinlari yaratilishi masalalari ko‘rib chiqildi. Tadbirkorlarga soliq imtiyozlari va qo‘shimcha moliyaviy mexanizmlar orqali ko‘mak berish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Joriy yilning 1 avgust holatiga Samarqand viloyatida 506 ta sub’yekt bo‘yicha 5,7 mlrd so‘mlik soliq to‘lovlari muddati 2026 yil 1 yanvargacha uzaytirildi. Bundan tashqari, 168 ta xo‘jalik sub’yektiga tegishli 204 ta ob’yekt bo‘yicha 19,6 ming gektar yer maydoni sanoat toifasidan qishloq xo‘jaligi toifasiga o‘tkazildi. Natijada ularning ixtiyorida 1,6 mlrd so‘m mablag‘ qoladi.