So‘rovnoma natijalari: Yomg‘irlar yana elektr uzilishlariga sabab bo‘ldi

Kanalimizda “Keyingi kunlardagi yomg‘irlar elektr ta’minoti uzluksizligiga ta’sir qildimi?” savoli bilan so‘rovnoma o‘tkazilgandi.

Savolga ishtirokchilarning uchdan bir qismi, ya’ni 75 foizi “Ha, bizda ilk yomg‘irdayoq elektr toki uzildi” javobini belgiladi. Qolgan 25 foiz qatnashchilar “Yo‘q, bu yil yomg‘irlar elektr ta’minotiga ta’sir qilmadi” degan javobda to‘xtaldi.

Shuningdek, izohlarda ham o‘quvchilar o‘z fikrlarini bildirib, ayrimlar yomg‘irdan so‘ng 12 soatgacha ham elektr toki bo‘lmaganini yozgan.
O‘z navbatida elektr tarmoqlari korxonasi vakillari fikrlarga munosabat bildirib, yomg‘irlardan so‘ng uzilishlar bo‘lganini izohlagan:

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filialining barcha shahar, tuman elektr ta’minotlarida avariyalarni bartaraf etish brigadalari tashkil etilgan bo‘lib, har bir yuzaga kelgan nosozliklarni bartaraf etish ishlari filial rahbariyati tomonidan to‘liq nazoratga olingan.
Ayni vaqtda mazkur brigadalar tomonidan elektr uzatish tarmoqlaridagi nosozliklarni bartaraf etish bilan birgalikda tarmoqlardagi eski va shikastlangan simyog‘ochlar o‘rniga temir beton ustunlari olib borilib, o‘rnatish ishlari bajarilmoqda”, deyiladi izohda.