So‘rovnoma natijasi: 23 foiz ishtirokchilar uyini isitishda qiynalayotganini ma’lum qildi
Oldinroq kanalimizda “Uyingizni nima bilan isityapsiz?” savoli bilan so‘rovnoma o‘tkazilgan edi.
Ishtirokchilarning 37 foizi mazkur so‘rovnomada uyini tabiiy gaz bilan isitishini ma’lum qilgan. 17 foiz respondentlar "Elektr jihozlari bilan", degan javobni belgilagan bo‘lsa, 4 foiz qatnashchilar ko‘mirdan foydalanayotgani, 19 foiz ishtirokchilar o‘tin ishlatayotganini ma’lum qilgan.
Shuningdek, so‘rovnomada qatnashganlarning 23 foizi “Uyni topgan narsam bilan isityapman ammo og‘ir bo‘lyapti” degan javobni tanlagan.
Bundan shunday xulosa chiqadiki, ayni vaqtda viloyatda aholining uchdan bir qismi tabiiy gaz orqali uyini isita olyapti. Elektr ta’minotida yuzaga keladigan uzilishlar esa aholining 17 foizini sovuqda qoldirishi mumkin.
So‘rovnoma jarayonida ko‘plab o‘quvchilarimiz o‘z izohlarini ham yozib yuborishgan. Ularda ham gaz, elektr energiyasi muammolari tilga olingan bo‘lsa ayrim izohlarda 1154 qisqa raqami ishlamayotgani yoki tushib bo‘lmayotgani aytilgan. Shuningdek, suyultirilgan gaz yetkazib berishda ham muammolar bo‘layotgan aytib o‘tilgan.
Mazkur muammolar ortidan kecha, 11 dekabr kuni Prezident adminstratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov ishtirokida mazkur masalalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish keskin tanqidiy ruhda o‘tib, aholini tabiiy gaz va elektr energiyasi bilan ta’minlashda qonunbuzilishga hamda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan soha rahbarlaridan ayrimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani va qamoqqa olingani ma’lum qilindi.