Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Sovuq kunlarda tadbirkorlar xalqqa qanchalik yaqin ekanliklarini ko‘rsatdi

Yanvarda bo‘lgan sovuq kunlar hammani shoshirib qo‘ydi. Sovuq ob-havoga tayyorgarlik anchagina yuzaki bo‘lgani, yetarli choralar ko‘rilmaganiga hammamiz guvoh bo‘ldik. Viloyat hokimi tomonidan ko‘cha va yo‘laklarni tozalashni tashkillashtirish, kommunikatsiya tizimlarini tartibga olish, har bir murojaatga tezkor chora ko‘rish kabi tadbirlar xalq va mutasaddilarni, rahbarlarni jipslashtirdi.

12 yanvar kuni “SXF Group” qurilish tashkiloti rahbari Zafar To‘rayev telefon qilib, hol-ahvol so‘ragandan so‘ng: “O‘zimning xonadonim issiq, yaqinlarimni ham surishtirdim. Lekin eshitishimcha, gaz, elektr ta’minotida uzilishlar bo‘layotganligi, ko‘mir ham hududlarga yetarli olib kelinmaganligidan tashvishdaman. Shuning uchun xalqimga qo‘limdan kelgancha yordam berishga qaror qildim. Sizdan iltimos, men o‘z korxonamdan 500 million so‘m ajrataman, shunga aholiga zarur ko‘mir, issiq kiyim, oziq-ovqat olib, tarqatishni tashkil qilsangiz. Boshqa tadbirkorlarimiz ham befarq bo‘lib turishmas...” dedi.

Bu tashabbusni viloyat hokimiga yetkazdim. Tashkiliy masalalar uchun shtab tuzildi, Z.To‘rayevning tashabbusi telegramm kanali orqali tadbirkorlarga yetkazildi.

Birin-ketin murojaatlar kela boshladi – “SamAntepGilam - SAG” gilamchilik korxonasi tezda pled (yoping‘ich) tikishga, “Nurli Kelajak Stroy Invest” qurilish korxonasi, “Samarqand Konserva” korxonasi o‘zi go‘sht mahsulotlari yetkazib berishga, “Chayka Stroy Servis” qo‘y so‘yishga kirishdi. “Zarafshon Tekstil” korxonasi omboridagi bor issiq kiyimlarni tarqatishga chiqardi. “Sam Ferre”, “Yasham Erkaplan Carpet” va “Meros Pharm” korxonalari 100 million so‘mdan, “Sam Elektro Service” korxonasi 50 million so‘m o‘tkazib berdi. Kelib tushgan pullar shaharlar va tumanlar hokimliklariga 50-100 million so‘mdan ko‘mir va boshqa zarur mahsulotlarni xarid qilish va ehtiyojmandlarga tezkor yetkazish uchun ko‘chirib berildi.

“Urgut” EIZ korxonalari Urgut tumani xalq ta’limi bo‘limi shtabiga 53,5 million so‘m o‘tkazib berdi, “Zarafshon Tekstil” viloyat shtabiga 350 dona issiq ustki kiyimlar, “UrGaz Carpet” 20 ming juft (Urgut tumani shtabiga 10 ming juft) paypoqlar yetkazgan.

“Nurli Kelajak Stroy Invest” qurilish korxonasi 650 dona karton qutilarga 2,0 tonna mol go‘shti, 3 250 dona o‘simlik yog‘i, 2,6 tonnadan makaron va shakar, 1,3 tonna un taqsimlab, tarqatishga tayyorlab, viloyat shtabiga yetkazdi.

“SAG” korxonasi viloyat shtabiga 800 dona pled, 5 tonna o‘simlik yog‘i, Jomboy va Bulung‘ur tumanlariga 5 tonnadan o‘simlik yog‘i, Narpay tumaniga 300 dona pled va 4 tonna yog‘ yetkazildi.

Jomboy tumanidagi “Bradjus” korxonasi viloyat shtabiga 100,0 million so‘mlik, Jomboy tumaniga 50,0 million so‘mlik tez tayyorlanadigan vermishel, quyuqlashtirilgan sut (sgushennoye moloko) va sariyog‘, “Jomboy Oil” korxonasi 5 325 litr o‘simlik yog‘ini tarqatish uchun yetkazdi.

Bunday xayrli ishdan “Gulobod Mebel”, “Navobod Naslli Parranda”, “Siyob Shavkat Orzy”, “Agromir Group”, “Chayka Stroy Servis”, “Kattaqo‘rg‘on Elektrotexnika zavodi”, “Meros Pharm”, “Stekloplastik”, “Xamidov Murodjon” kabi korxonalar chetda turmadi. Har bir korxona viloyat shtabi orqali 13-16 yanvar kunlari ko‘mir, o‘simlik yog‘i, go‘sht, un, makaron, shakar, kartoshka, guruch, piyoz, tovuq, bolalar va kattalar uchun issiq kiyimlar, paypoq tarqatdi. Bu jarayon keyinchalik shahar va tumanlarga o‘tib, tadbirkorlar ehtiyojmandlarga yordam berish uchun o‘z imkoniyatlarini ayamadi.

Albatta, tadbirkorlarimizning aksariyati “O‘ng qo‘ling berganni chap qo‘ling bilmasin”, deganlaridek, qilingan saxovatli ishlarini oshkor qilmaslikni so‘rashgan. Lekin, men tadbirkorlarimizning davlat va jamiyatdagi o‘zgarishlarga hamohang xalqimiz dardlari bilan yashayotgani, ularning og‘ir kunlarida yordamga oshiqayotgani, muammolarga befarq bo‘lmayotganini qayd etish maqsadida muxtasargina yozishga qaror qildim. Korxonalarning nomlarini ko‘rsatish o‘sha korxonalarda mehnat qilayotganlarda qiyinchiliklar bilan kurashishda hamnafaslik, g‘ururni uyg‘otadi, deb o‘ylayman.

Shu o‘rinda, tadbirkorlarimiz yillar mobaynida qarovsiz holga kelib qolgan, Samarqandimiz yoshi bilan teng Siyobcha kanalini obod qilish, uning sohil bo‘ylarini sayilgohga aylantirishga ham kirishganlarini aytib o‘tmoqchiman.

Yaxshi ishni har birimiz har kun qilishimiz kerak, shunda ertangi kunimiz yanada farovon bo‘ladi.

Nozir Ibragimov,

Samarqand viloyati hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masallari bo‘yicha yordamchisi.