Sovuqni «jimjitlik» bilan yengib bo‘lmaydi, ammo...

“Nududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati shu yil 6 yanvar kuni saytimizda e’lon qilingan “Sovuqni «jimjitlik» bilan yengamizmi?” sarlavhali maqolada ko‘tarilgan muammolar yuzasidan javob yo‘lladi.

Unda shunday deyiladi:

“Keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali tabiiy gaz ta’minoti bo‘yicha qator murojaatlar kelib tushmoqda. Xabar qilinganidek, 2021 yil 4 yanvardagi Energetika vazirligi matbuot xizmatining bayonotiga ko‘ra, "Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi"ga qarashli beshta neft va gaz qazib chiqarish konlarida elektr energiyasi bilan bog‘liq muammoli holat yuzaga keldi. Oqibatda “Muborak gazni qayta ishlash zavodi”dan gaz ta’minoti deyarli to‘liq to‘xtatilgan. Shundan so‘ng avariya-nosozlik tezda bartaraf etilgan va hududda ish jarayonlari tiklangan.

Havo haroratining keskin sovib ketishi bilan gaz iste’molining ikki hissaga ortishi, ko‘p qavatli uylarda isitish tizimining ishlamasligi va boshqa bir qator omillar sabab Samarqand shahridagi gaz tarmoqlarining so‘nggi nuqtalarida joylashgan xonadonlarda tabiiy gaz bosimining pasayib ketishi kuzatilmoqda.

Hududlardagi tabiiy gaz bosimining me’yordan pasayishi, gaz so‘rg‘ichlarni o‘zboshimchalik bilan o‘rnatib, ulardan foydalanilayotgani sababli ham bunday holatlar yuzaga kelmoqda. Xususan, 2021 yilning o‘tgan haftasi mobaynida viloyat bo‘yicha 45 ta gaz tortuvchi nasoslar aniqlanib, tarmoqdan kesib olindi.

Bundan tashqari, gaz tarmog‘iga “tadbirkor”lar tomonidan 6 ta noqonuniy ulanish holatlari qayd etilib, huquqni muhofaza qilish idoralariga topshirildi.

Ayni paytda “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filialida tabiiy gaz ta’minoti nazoratini o‘rnatish va rejimsozlash ishlarini amalga oshirish uchun kecha-yu kunduz ishlovchi shtab tashkil qilindi. 23 ta tezkor avariya-ta’mirlash guruhlariga 60 nafarga yaqin ishchi-xodim birkitildi. Ular joylarda yuzaga keladigan avariya yoki texnik nosozliklarni bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan transport vositalari, asbob-uskunalar, maxsus ishchi kiyimlar va tegishli butlovchi qismlar bilan ta’minlandi. Filialimizda yuzaga kelgan holatlar bo‘yicha hududlar, jumladan, tuman, shahar va mahallalar kesimida ma’lumotlar mavjud bo‘lib, barchasi nazoratga olingan.

Tahririyatdan: Avvalo, “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali saytimizda e’lon qilingan maqolaga nisbatan munosabat bildirib, jim turmaganligi uchun minnatdorchilik bildiramiz. Ammo javob berilar ekan, qaysi hududlarda gaz ta’minoti pasaygani va sabablari haqida to‘xtalib o‘tilmagan. Qaysi hududlar gaz kelishidan «umidini uzib qo‘yishlari» va buning sabablari haqida ham aytib o‘tish zarur edi.