Soxta uchuvchi va qoyilmaqom firibgar Frenk Abigneyl qissasi
O‘taketgan firibgar bo‘lib tug‘ilish mumkinmi? Bu juda kamdan-kam sodir bo‘lsa kerak. Bugun o‘z firibgarligini 16 yoshida boshlab, 21 yoshida tugatgan, keyin FBQ va ko‘plab banklarga yordam berganligi uchun rahbariyat uni haddan tashqari qadrlagan qallob haqida so‘z yuritamiz. Tanishing, o‘z aldovlarini misli ko‘rilmagan ilhom bilan amalga oshirgan Frenk Abigneyl!
U juda erta boshladi
Frenk Uilyam Abigneyl 1948 yilda Nyu-Yorkning Bronks shahrida dunyoga keldi. Ota-onasi 15 yoshida ajrashishganidan so‘ng u otasi va o‘gay onasi bilash yashashiga to‘g‘ri keldi. 16 yoshida AQSh harbiy-dengiz flotiga xizmatga kirgan o‘smir uch oydan kamroq vaqt o‘tgach, hujjatlarni qalbakilashtirgani uchun ishdan bo‘shatildi.
Asosiysi, har bir ishdan maroq olish
Yosh tovlamachi Nyu-Yorkka yo‘l oldi va darhol o‘zining g‘ayrioddiy kattalarcha ko‘rinishidan foydalanib, hujjatdagi bitta raqamni o‘zgartirib, o‘ziga 10 yil qo‘shdi. Erta oqargan sochlar, baland bo‘y va yuz ifodasi hech kimda shubha tug‘dirmadi: ularning qarshisida turgan 26 yoshli yigit darhol bank hisobini ochishga kirishdi. O‘shanda u bir zumda oddiy, ammo samarali firibgarlik sxemasini tuzib chiqdi. Keyinchalik u bu ishlarning qanchasini qilganini hisoblash qiyin, biroq boshlanishi hech qanday to‘siqsiz amalga oshdi.
Frenk Abigneyl boyib ketishni xohlardi. Ba’zida hatto pulning o‘zi ham emas, unga sodda fuqarolarni aldash jarayoni yoqardi. Uning ongi doimo yangi g‘oyalarni o‘ylab topardi. Masalan, uchuvchi bo‘lgisi kelgan yigit AQSh yirik aviakompaniyasi samolyotlarining birida uchish paytida garchi uchuvchining bevosita mas’uliyati bo‘lsa-da, samolyotni boshqarishga “harakat” qildi. Frenk mehmonxona biznesining afzalliklaridan bepul bahramand bo‘lar, uchuvchi sifatida ishlar, shuningdek yangi firibgarliklarni o‘ylab topish uchun bo‘sh vaqt ham topardi.
Ko‘p qirrali Frenk
Mashhur firibgar nafaqat uchuvchi, balki shifokor, huququshunoslik firma xodimi va hatto universitetda o‘qituvchi bo‘lib ham ishlashga muvaffaq bo‘lgan. U oddiygina o‘zgarardi. Masalan, bir gal hech tap tortmay kechasi trafaretda “Kechki omonat kassasi buzilgan, pullarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘riqchiga qoldirishingiz mumkin” deb yozib, pochta qutisi bilan bank binosi yonida o‘tirib oldi. Ajablanarlisi, qirqqa yaqin mijoz hech qanday shubha qilmasdan, o‘z pullarini Abigneylga qoldirib ketishdi. Tovlamachining hayotida shunga o‘xshash voqealar juda ko‘p.
Hamma narsani o‘z foydasiga o‘girdi
Abigneyl o‘tgan asrning 60-yillari oxirida qo‘lga olindi. Oldingi ish joyida u bilan kesishgan fransuz aviakompaniyasi xodimlaridan biri uni tanib huquq-tartibot xodimlariga xabar berdi. 12 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan Frenk jazo muddatining atigi uchdan bir qismini o‘tadi va federal tergov byurosiga qalbaki pul yaratganlarni aniqlashda yordam berish uchun chaqirildi. Qamoqdan keyin halol hayot kechirishga harakat qilgan Abigneyl uzoq vaqt ish topa olmadi. Shunda u banklarga moliyaviy xavfsizlik tizimidagi “yoriqlar” haqida maslahat berish g‘oyasini o‘ylab topdi. Birinchi maslahatlari shunchalik samarali bo‘ldiki, tez orada ular sobiq tovlamachini yollash uchun tom ma’noda navbatga tura boshlashdi.
Sobiq tovlamachi endi firibgarliklarni o‘ylab topmaydi, balki ularni fosh qiladi. U o‘zining o‘tkir aqlidan foydalana olishidan xursand. Ha, endi u barrikadalarning narigi tomonida turadi va o‘z hayotini yanada qiziqarli deb hisoblaydi. Aynan qiziqarli hayot Abigneyl uchun har doim, u nima bilan shug‘ullanishidan qat’iy nazar muhim bo‘lganga o‘xshaydi.
Frenk Abigneyl hayoti to‘g‘risida 2002 yilda Gollivudda “Agar tuta olsang” nomli film suratga olindi. Buyuk yolg‘onchining o‘zi ham bu filmda epizod rollardan birini o‘ynagan.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.