So‘z erkinligi mudom himoyaga muhtoj

Jurnalistning asosiy ustuvorligi so‘z erkinligi, asosiy quroli ham so‘z erkinligi tufayli berilayotgan imkoniyatdir. Jurnalist bugun bu imkoniyatdan foydalanib, jamiyat manfaati uchun xizmat qilyaptimi yoki o‘z manfaatigami?

So‘z erkinligi tushunchasi barcha qonunlarimizda, hatto Bosh Qomusimizda ham belgilab qo‘yilgan. Bunga alohida urg‘u berish, uni talab qilishga hojat yo‘qday. Lekin nega bot-bot shu masala asosiy bahs mavzuiga, e’tirozu qoniqmaslikka olib kelaveradi? Masalaning asosiy mohiyati ushbu erkinlikning ko‘pchilikka ma’qul kelmasligida. Garchi keyingi yillarda mamlakatimizda bu “ne’mat”dan foydalanish ancha erkinligi haqida gapirsak-da, amalda bu jarayon qanday kechmoqda?

Nazira TOShPO‘LATOVA, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti professori, filologiya fanlari doktori:

- Keyingi yillarda bir nechta xorij davlatlarida jurnalistlar faoliyati, ularning kasbga yondashuvi kabi jihatlarni o‘rganib keldik. Ularda matbuot ushbu davlatlarda hamon urfda, bu juda quvonarli holat. Odamlar axborotni bloger yo ijtimoiy tarmoqlar orqali emas, rasmiy manabalardan olishni afzal ko‘radi. Mana shu jihatning o‘zi jurnalistikaga munosabatni yaqqol namoyon etadi. Mamlakatimizdagi asosiy auditoriya bugun ijtimoiy tarmoqlar, blogerlar faoliyati, ular berayotgan uzuq-yuluq, ba’zida feyk xabarlarga ishonib qoldi va hamon undan voz kecholmayapti. Yaqin kunlarda qonunbuzilishi sodir etgan blogerlar harakatiga qonuniy jazo tayinlanganda aholining ularga nisbatan fikri o‘zgarmagani, aksincha, ularni yanada ko‘proq himoya qilishga otlangani shundan dalolat beradi. Ya’ni, so‘zi orqali omma orasida mashhurlikka erishgan shaxslarning ovozini bo‘g‘ish uchun go‘yo atayin unga chora ko‘rilayotgani haqida aytiladi. Vaholanki, u o‘z qilmishi uchun jazo olyapti. Shu nuqtai nazardan bugun so‘z erkinligini to‘liq ta’minlash bilan bir qatorda aholi orasida media savodxonlik masalasini ko‘tarish dolzarb masalalardan biri sanaladi.

So‘z erkinligi garchi barcha qonunlarimizda belgilab qo‘yilgan bo‘lsa-da, uni himoya qilish bugun har doimgidan ko‘ra dolzarbroq. Biz o‘rganish uchun borgan Yevropa davlatlarida ham jurnalistlar uni himoya qiladi, u uchun kurashadi. Jurnalistlarning birdamligi juda muhim masala.

Mukarram OTAMURODOVA,

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti o‘qituvchisi (PhD):

- Ma’lumotlarga ko‘ra, butun dunyoda so‘z erkinligi darajasi keyingi o‘n yilliklardagi eng past darajaga yetgan. O‘zbekiston ushbu ro‘yxatda o‘tgan yilgi o‘rnini saqlab qolgan holda 148-o‘rinni egalladi. Shu bilan birga, mamlakat indeksi 37,27 dan 35,24 punktga tushib ketdi, bu OAV uchun sharoit yomonlashganidan dalolat beradi.

Ro‘yxatda Qozog‘iston 141-o‘rin, Qirg‘iziston 144, Tojikiston 153, Belarus 166, Rossiya 171, Turkmaniston 174-o‘rinda. Jurnalistlar uchun eng qulay sharoitlar yaratilgan Norvegiya, Estoniya va Niderlandiya reytingda yetakchilik qildi.

Hisobotga ko‘ra, 90 ta davlatda ommaviy axborot vositalari xodimlarining ahvoli og‘ir yoki o‘ta og‘ir deb baholanmoqda. Jurnalistlar ahvolining yomonlashishiga asosiy sabablar - iqtisodiy bosim, avtoritar tendensiyalarning kuchayishi va beqaror xavfsizlik vaziyatidir. 180 ta davlatdan 160 tasida OAV barqaror faoliyatini ta’minlashda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Mamlakatlarning uchdan birida nashrlar ko‘pincha hukumat aralashuvidan keyin yuzaga keladigan moliyaviy muammolar tufayli yopiladi. 46 mamlakatda ommaviy axborot vositalari cheklangan miqdordagi egalari tomonidan nazorat qilinadi, bu esa qarashlar xilma-xilligini kamaytiradi.

“Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti matbuot erkinligini cheklashda iqtisodiy omillar asosiy rol o‘ynashini ta’kidlaydi. Ko‘pgina mamlakatlarda mustaqil nashrlar mablag‘ yo‘qotmoqda, yirik ommaviy axborot vositalari davlat yoki unga yaqin tuzilmalar nazoratiga o‘tmoqda. Bu esa axborot sifatining pasayishiga, so‘z erkinligining cheklanishiga olib keladi.

Reyting yetakchisi bo‘lgan Norvegiyada jurnalistlar maxsus tizim orqali davlat hujjatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lib, bu mamlakatni OAV faoliyati uchun dunyodagi eng shaffof davlatlardan biriga aylantiradi.

Ommaviy axborot vositalari vakillariga doim bosimlar, tahdidlar bo‘ladi, uning oldini olish, zamonaviy texnologiyalar bilan ishlashda ehtiyotkorlik muhim ahamiyatga ega.

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti professor-o‘qituvchilari ishtirokida ushbu masalalar yaqinda samarqandlik ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida o‘rganildi, tahlil etildi. Hamkasblarimizga shuningdek, yolg‘on xabarlarga qarshi kurashishda mediasavodxonlikning o‘rni, axborot manbalari bilan ishlash, jurnalistlar xavfsizligi, tahdid turlari va xavf manbalari bo‘yicha tushuncha berildi.

Gulruh MO‘MINOVA.