So‘zda shavqu ma’no bo‘lsin, aks holda u tinglovchida munosabat uyg‘ota olmaydi

Yoshim yetmishdan oshdi, toat-ibodatlarim, yurish-turishim ham yoshimga yarashiq bo‘lishiga intilaman. Garchi, besh vaqt namoz farzini to‘kis ado etmasam-da, Xo‘ja Ziyovuddin jome masjidida juma namozini kanda qilmayman. Lekin meni bugun fikr aytishga undagan narsa ibodat emas.

...Paxtachidan bir paytlar Mirzacho‘lni o‘zlashtirishga ketgan oila vakiliman. Ota-onadan erta ayrilib, ukalar taqdirini o‘ylab, ro‘zg‘or tebratishga majbur bo‘ldim. Ma’lum muddat «Paxtachi» gazetasida ishladim, doimo «qora mehnat» bilan band bo‘ldim. Muhimi, yaxshi-yomonni angladim, ammo o‘qishni, yozishni tashlab qo‘ymadim. Chunki bu narsa hayotimda muhim ekanligini tushunib yetdim. Ijodiy mashqlarim, xususan, maqola va hajviy hikoyalarim vaqtli matbuot va to‘plamlarda chop etildi. Demoqchimanki, ijoddan, o‘qishdan bir daqiqa ham to‘xtagan emasman.

Yo‘q, men ushbu mulohazalarimni hurmatli mushtariyga tarjimai holimni aytish uchun yozmadim. Quyidagi fikrga ma’naviy haqqim borligi uchun eslatdim, xolos.

Endi asosiy masalaga qaytsam. Juma namozidan so‘ng xotirim jam, ruhim yengil, qadamlarim ildam bo‘ladi, jismimga quvvat kiradi. Gap faqat ibodatu harakatda emas, men masjid imom xatibi Isroil Amrilloyevning naxyi munkariga to‘xtalmoqchiman.

U har hafta yangi mavzuda, ishonchli manbalar asosida samimiy suhbat quradi. So‘zlarida takror yoki umumiy fikrlar yo‘q. Birida salomlashish odobi, birida ota-ona munosabati, birida shijoat va loqaydlik, yana birida so‘zlashish madaniyati haqida chiqish qiladi. Har bir fikrini payg‘ambarimiz hadisi yoki allomalar xulosasi bilan sharhlaydi. Ayniqsa, yot g‘oyalardan qanday saqlanish to‘g‘risidagi ma’ruzalari menga katta saboq bo‘layotir. Yoshim ulug‘, ijodkor bo‘lganim bois bu saboqlar nechog‘lik zarur ekanini anglab yetyapman.

Darvoqe, masjidga kelayotgan yoshlar ichishmaydi, chekishmaydi. Ular go‘zal xulq va odobga talpinadigan yigitlar.

Faqat bugina emas, imom xatib allomalar merosi, karantin qoidalarining ahamiyati, pokizalik, or-nomus mavzusida ham o‘z sharhlari bilan hammaning e’tiborini tortadi. Ishonasizmi, suhbat chog‘ida to‘planganlar nafaqat telefonga qarashni, hatto qimirlashni ham o‘ziga ep ko‘rmaydi.

Shunday paytda mahalla va mehnat jamoalaridagi ayrim anjumanlarni eslayman. Ishtirokchilarni ba’zan majburlab keltiramiz. Ma’ruzachi qog‘ozga qarab o‘qiyveradi, zal bilan ishi yo‘q. Chunki unga shunday topshiriq bo‘lgan. O‘tirganlar so‘zlashib yoki telefon o‘ynab o‘tiradi. Aytingchi, bundan kimga foyda-yu, kimga zarar?

Imom xatib agar bir davrada noo‘rin, yolg‘on gapirsa, kelasi juma kuni anchagina tinglovchidan ayriladi. Qolaversa, Xudo yo‘lida ko‘zbo‘yamachilikdan qo‘rqadi. Bizning mahallaga kelgan ma’ruzachi-chi? U nimadan qo‘rqadi? Hech  narsadan! Odamlarni to‘plab berish tashkilot rahbari va mahalla oqsoqollari gardanida. Ma’ruza matni va saviyasini esa hech kim baholamaydi.

Bu holatni hamma biladi, ko‘rib turibdi. Lekin kim chora ko‘radi, kim xulosa qiladi?

Jo‘raqul NARZULLAYeV,

Paxtachi tumani.