Sport federatsiyalari o‘zlarini nega reklama qila olishmayapti?

Ochig‘i, O‘zbek jang san’ati federatsiyasi viloyat bo‘limi uyushtirgan “Qorbobo sovg‘asi” viloyat ochiq turnirida qatnashgach, shu savol xayolimga keldi.

Darhaqiqat, viloyatda 30 dan ortiq sport turi bo‘yicha federatsiyalar, ularning murabbiylari va faxriy raisi bor. Ko‘pchiligi musobaqa o‘tkazish, musobaqalarga borib-kelish uchun mablag‘ yetishmasligidan nolib yurishadi. Ularning tadbirlari ham tor doirada o‘tadi, birov bilib, birov bilmay qoladi.

Na tashqi reklamada, na televideniye-radioda, na bosma nashrlar va na saytlarda turnirlar, musobaqalar bo‘yicha e’lonlar beriladi. Bunday tadbirlarga jamoatchilik jalb etilmaydi.

O‘zbek jang san’ati federatsiyasi viloyat bo‘limi uyushtirgan tadbirga sportchilarning ota-onalari, faol murabbiylar, maktab direktorlari va hatto bolalar bog‘chasi mudiralari ham taklif etildi. Yil davomida jahon, Osiyo, O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritgan sportchilar qatorida faol murabbiylar va boshqa homiy tashkilot vakillari ham rag‘batlantirildi. Namunali chiqishlar, badiiy sahnalar davraga fayz bag‘ishladi. Keyin bolalar va o‘smirlar o‘rtasida “Qorbobo sovg‘asi” viloyat ochiq turniri o‘tkazildi.

Xullas, shunaqa gaplar. Qani, qaysi sport federatsiyasi yana shunday tadbir uyushtirarkan? Bu haqda viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘idan izoh so‘rab qolamiz.

F.ISHOQOV.