Sport federatsiyalari raislari sportga qachon e’tibor qaratadi?
Viloyatda 23 ta olimpiya, 4 ta milliy, 1 ta qishki sport turi, 33 ta noolimpiya sport turi bo‘yicha federatsiya, 1 ta O‘zbekiston milliy paralimpiya qo‘mitasi viloyat bo‘limi, 2 ta jismoniy tarbiya va sport jamiyati hamda 1 ta sport kengashi jami 65 ta sport tashkiloti faoliyat ko‘rsatmoqda.
Sport turlari bo‘yicha viloyatimizdan O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarkibiga 1421 nafar - asosiy tarkibga 949 nafar, zaxira tarkibga 472 nafar, shundan olimpiya sport turlari asosiy tarkibiga 586 nafar, zaxira tarkibiga 264 nafar sportchi qabul qilingan. Bu milliy terma jamoa tarkibining qariyb 10 foizdan ortig‘ini tashkil qiladi.
Joriy yilning o‘tgan besh oyi davomida viloyatimiz sportchilari O‘zbekiston chempionatida 956 ta (261 ta oltin, 327 ta kumush, 368 ta bronza), jahon, Osiyo va xalqaro sport musobaqalarida 176 ta (52 ta oltin, 54 ta kumush, 70 ta bronza) medalini qo‘lga kiritgan. Ammo viloyatdagi ayrim sport federatsiyalarda amalga oshirilayotgan ishlar va erishilayotgan natijalarni qoniqarli deb bo‘lmaydi.
Jumladan, dzyudo, eshkak eshish, yunon-rum kurashi, yengil atletika, gimnastika, kurash va sambo sport federatsiyalari yaxshi natija ko‘rsatyotgan bo‘lsa, 20 yaqin sport turi basketbol, suzish, gandbol, erkin kurash... o‘rta va qilichbozlik, ot sporti, voleybol, sportning texnik va o‘q otish, tennis, badminton, regbi federatsiyalari qoniqarsiz natija qayd etmoqda. Shuningdek, keyingi yillarda penchak silat, kikboksing, shotakan karate, o‘zbek jang san’ati federatsiyalari O‘zbekiston milliy terma jamoalari tarkibiga sportchi yetkazib bermayapti.
Xo‘sh, muammo nimada?
- Viloyatda voleybol sport turidan 92 nafar murabbiy qo‘l ostida 2800 nafar o‘g‘il-qiz shug‘ullanadi, - deydi viloyat terma jamoasi bosh murabbiyi Jo‘rabek Nabiyev. – O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarkibiga uch nafar sportchimiz qabul qilingan. Keyingi paytda esa terma jamaoga sportchilar yetkazib berilmayapti. Chunki sportchilarning shug‘ullanishi uchun baza yo‘q, federatsiya uchun bino ajratilmagan, sport jihozlari yetishmaydi. Keyingi paytda musobaqalar ham deyarli tashkil etilmayapti. Musobaqa o‘tkazish va sportchilarni taqdirlash mablag‘ bilan bog‘liq. Biz esa jamaotchilik asosida ishlaymiz, xodimlarga maosh to‘lanmaydi. Shunday bo‘lsa-da, yoshlarning qiziqishi va ularning sport formasida bo‘lishi uchun musobaqalarni o‘zimiz tashkil qilamiz.
- Badminton olimpiya sport turiga kiradi, - deydi badminton federatsiyasi viloyat bo‘limi ijrochi direktori Marat Muhammadiyev. - Federatsiyaning viloyat bo‘limi 2014 yilda tashkil etilgan. Hozirgi kunda 1550 nafardan ziyod yoshlar 47 nafar trener qo‘l ostida badminton bilan shug‘ullanib kelmoqda. Shug‘ullanish uchun baza ajratilgan. Joriy yil federatsiya tomonidan respublika terma jamoasiga 2 sportchi yetkazib berildi, 1 nafar sportchi O‘zbekiston chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritdi. Ammo aksariyat hududlarda kadrlar, sport jihozlari yetishmaydi. Jumladan, Bulung‘ur, Jomboy tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahridagi sport maktablarida badminton bo‘yicha trenerlar umuman yo‘q. Hatto o‘tkaziladigan musobaqalarga ushbu hududlardan sportchilar ham qatnashmaydi.
Sport federatsiyalaridagi ushbu muammolar yechimi yuzasidan viloyat sport boshqarmasida ularning monitoringiga mas’ul Ahror Shamsiyev fikrlarini so‘radik.
- Musobaqa o‘tkazish, ularga borib-kelish uchun mablag‘ yetishmasligi, sport anjomlari va kadrlar bilan bog‘liq muammolar federatsiya rahbarlarining sport turlariga e’tiborsizligi natijasida yuzagayo kelmoqda, - deydi A.Shamsiyev. – Federatsiyalar nodavlat tashkilot va ular o‘zini reklama qila olishi kerak. Buning uchun sport to‘garaklari sonini ko‘paytirish va ularga ko‘proq sportchilarni jalb qilish, tanlov asosida malakali mutaxassislarni saralash lozim.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.