"Sport targ‘ibotchisi”ning bazaviy lavozim maoshiga 20 foiz miqdorida ustama qo‘shiladi
“Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident Farmoniga ko‘ra 2021 yil 1 yanvardan:
- barcha davlat organlari va tashkilotlarida sog‘lom turmush tarzi va ommaviy sportni rivojlantirish maqsadida mehnat jamoalarida faoliyat yuritayotgan xodimga “Sport targ‘ibotchisi” qo‘shimcha vazifasi yuklanadi va uning bazaviy lavozim maoshiga 20 foiz miqdorida ustama qo‘shiladi;
- ish vaqtidan so‘ng tanlangan kunlarda (haftada kamida bir marta) rahbar va barcha xodimlar jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlari (yugurish, stritbol, futbol, badminton, voleybol, basketbol, stol tennisi, suzish va boshqalar) bilan shug‘ullanadi;
- har shanba soat 14:00 dan keyin xodimlar va ularning oila a’zolari o‘rtasida yugurish, stritbol, futbol, badminton, voleybol, basketbol, stol tennisi, suzish va boshqa sport turlari bo‘yicha ommaviy sport musobaqalari tashkil etiladi;
- birinchi rahbarlar “Shaxsiy namuna” tamoyili asosida o‘zlarining antropometrik ko‘rsatkichlarini (semizlik darajasini, vazn indeksini kamaytirish, salomatlikni mustahkamlash) yaxshilash orqali xodimlarning antropometrik ko‘rsatkichlari yaxshilanishiga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi.